“Senatning 24 martdagi yalpi yig‘ilishida ma'qullangan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan “advokat so‘zlashuvini nazorat qilish prokuror sanksiyasi bilan mumkin  bo‘lishi” haqida aholini chalg‘ituvchi noto‘g‘ri materiallar tarqatildi.

Ushbu ma'lumotlar quyidagilarga ko‘ra asossizdir:

Birinchidan, Qonunning ushbu moddasi 1998 yildan buyon amalda bo‘lib, unga kiritilayotgan o‘zgarish faqat tahririy xarakterga ega, ya'ni amaldagi matndagi “...telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish ...” so‘zlari...telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlarini, xabarlari va ma'lumotlari uzatilishini nazorat qilish ...” degan so‘zlar bilan tahrirlanyapti. Ushbu o‘zgarish zamon talabi, chunki nafaqat telefon so‘zlashuvlari, balki telekommunikatsiya qurilmalari (kompyuter, planshet, smartfon v. b.) orqali  sms, yozma, audio, video va boshqa xabarlar yuborish keng qo‘llanilmoqda, shu jumladan jinoiy maqsadlarda ham;

Ikkinchidan, ushbu moddada advokatning daxlsizlik huquqlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra boshqa fuqarolardan farqli ravishda advokatga nisbatan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazish, jinoyat-protsessual harakatlar va majburlov choralari qo‘llashning alohida tartibi belgilangan.