Hozirga kelib Italiya koronavirus pandemiyasining o‘chog‘iga aylanishga ulgurdi. Mamlakatda futbol haqida o‘ylash hech kimning xayoliga ham kelmayapti. Bunga Milandagi moda haftaligiga tashrif buyurgan xitoyliklar sababmi yoki italiyaliklarning sayohatga moyilligimi? Bunisi bizga qorong‘u. Lekin shu narsa aniqki, Apennin yarim oroli favqulodda vaziyatga moslashib bo‘ldi. Virus esa chekinishni istamayapti.
Italiya koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha allaqachon Xitoyni ortda qoldirdi, o‘lim holatlari esa kundan-kunga ortib bormoqda. Afsuski, pandemiya futbolga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Birgina «Sampdoriya» klubining 15 nafar xodimida virus aniqlandi, ularning 9 nafari futbolchilardir. Koronavirusga chalingan ilk taniqli futbolchi – «Yuventus» himoyachisi Daniyele Rugani bo‘ldi, keyinchalik uning jamoadoshlari Blez Matyuidi va Paulo Dibala ham infeksiya yuqtirib olgani ma'lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng qolgan o‘yinchilar darhol izolyatsiyaga olindi.
Italiya chempionati to‘xtatilganiga qaramay, «Napoli» 25 mart kuni mashg‘ulotlarni boshlashini e'lon qilgandi, biroq Italiya futbolchilari assotsiatsiyasi prezidenti Damiano Tommazi ushbu tashabbusda hech qanday mantiq yo‘qligini aytdi. Uning ta'kidlashicha, virusni yuqtirib olgan futbolchilarga qaraganda, hali aniqlanmaganlari ko‘proq. Bunday holatda mashg‘ulotlarning boshlanishi – o‘zi va o‘zgalar hayotini xavfga qo‘yish bilan barobardir. Umuman olganda esa A Seriyaning yozda davom ettirilishiga ham asosli shubhalar bor. Shunday ekan, keling, tanaffusdan oldin Italiya futbolida nimalar bo‘lganini eslaymiz.
O‘yini qovushmayotgan «Yuve»
Uzoq vaqt davomida Italiya futbolida «Yuventus»ning «taxt»dan ag‘darilishi bunchalik yaqin bo‘lmagandi. «Keksa sinora»ga «Napoli» va «Roma» qarshilik qilgan yillar bo‘lgan, ammo baribir yakunda turinliklar oltin medallarga ega chiqaverishgan. «Yuventus» hamma vaqt qolgan jamoalar fonida zirhli mashina kabi ko‘rinardi. Jamoa boshqaruviga «keksa sinor» – Mauritsio Sarri kelgach, garchi klub turnir jadvalida yetakchilik (26ta o‘yinda bor-yo‘g‘i 3ta durang va xuddi shuncha mag‘lubiyat) qilayotgan bo‘lsa-da, jamoaning o‘yinida qandaydir tushkun kayfiyat bor. G‘alabalarning aksariyati individual mahorat evazigagina qo‘lga kiritilmoqda, oldindan o‘ylangan kombinatsiyalar haqida esa gapirishning ham hojati yo‘q. Maydon markazida Miralem Pyanich jamoa o‘yiniga uyg‘unlik bag‘ishlay olmayotgan bo‘lsa (22ta o‘yinda atigi 2ta assist), Blez Matyuidi va Sami Xediraning yoshi o‘tmoqda, qanotlarda Xuan Kuadrado va Duglas Kostadan aytarli hech qanday naf bo‘lmayapti (ikkilasining hisobida 1ta gol). Barchasini Paulo Dibalaning har zamonda sodir bo‘ladigan «portlashlari» (7ta gol va 4ta assist) va Krishtianu Ronalduning doimiy faolligi hal qilib bermoqda. «Yuve»ning A Seriyadagi gollarining deyarli yarmi portugaliyalik futbolchining hisobiga yozilgan.







