Vazirlar Mahkamasining “Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali hamda Qarshi davlat universitetining asosan pedagogika ta'lim sohasining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etilgan.

Belgilanishicha, Institut Universitetning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, Jayraxona qishlog‘ida joylashgan Kitob iqtisodiyot kolleji hamda Shahrisabz shahri, Shahrisabz ko‘chasi, 10-uy manzilida joylashgan Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filialining bino va inshootlarini (mavjud jihoz va mebellari bilan) tegishli hududi bilan birgalikda Institut balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Belgilanishicha:

Institutda o‘quv jarayoni 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalar kontingenti Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filialining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida shakllantiriladi;

o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;

Institut Universitetning o‘quv va ilmiy laboratoriyalaridan, sport inshootlaridan hamda axborot-resurs markazidan rejalashtirilgan dars jarayonlariga ta'sir etmagan holda bepul foydalanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi 2020/2021 o‘quv yilida respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlarini ishlab chiqishda Institutga talabalar qabul qilishni nazarda tutadi, keyingi yillarda qabul ko‘rsatkichlari viloyat korxona va tashkilotlarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantirilishi ta'minlanadi.