Qurbonlar ko‘p bo‘lishi mumkin edi...
Ayni vaqtda virusdan eng ko‘p fuqarosini yo‘qotgan davlat Italiya bo‘lib turibdi. Mamlakatda virusdan zararlanishning 92 mingdan ortiq holati qayd etilgan. Ulardan 10 mingdan oshig‘i halok bo‘ldi. Italiyada ko‘p odam vafot etayotganining asosiy sabablaridan biri sifatida mamlakatda qariyalar soni ko‘pligi keltirilmoqda. Ammo aholisi orasida qariyalar soni ko‘pligi bo‘yicha dunyoda Yaponiya yetakchi hisoblanadi. Kunchiqar yurtda 130 millionga yaqin odam yashaydi. Ularning 36 milliondan ko‘pi 65 yoshdan katta insonlar. 70 yoshdan oshganlar soni esa 27 millionni tashkil qiladi.
Italiyada 65 yoshdan kattalar aholining 22 foizini tashkil qilsa, Yaponiyada bu ko‘rsatkich 31 foiz atrofida. Italiya aholisi (61 million) Yaponiyanikidan (130 million) ikki barobar kam. Ya'ni, Yaponiyada keksa yoshdagi kishilar soni Italiyadagiga qaraganda ancha ko‘p. Kunchiqar yurtda erkaklar o‘rtacha 80, ayollar esa 84 yil umr ko‘radi. Shunday bo‘lsa-da, virus Yaponiyaga katta talafot keltira olmadi.
Yana bir omil, Yaponiya virus tarqalgan Xitoy bilan juda qalin aloqalarga ega. Bu ikki mamlakat o‘rtasida bordi-keldi ham shunga yarasha ko‘p. Yanvar oyida Yaponiyaga 925 ming xitoylik borgan, fevralda esa 89 ming. Mantiqan olib qaraganda, Yaponiyada qariyalar ko‘pligi va Xitoydan bunchalik ko‘p odam kelgani virusning aql bovar qilmas darajada ko‘payib ketishiga olib kelishi kerak edi, ammo bunday bo‘lmadi. Nega?
Qonga singgan tozalik
Koronavirus sababli deyarli barcha mamlakatlarda odamlarga qo‘llarini yuvib yurish, niqob taqish kabi tavsiyalar berilmoqda. Ammo bular Yaponiyada odatga aylanib bo‘lgan. Bir faktga e'tibor bering, yaponlar koronavirus paydo bo‘lishidan avval yiliga 5,5 milliard dona niqob ishlatishgan. Bu har bir fuqaroga o‘rtacha 43 donadan niqob to‘g‘ri keladi degani. Jamoat transportida yursangiz, juda ko‘p niqob taqqan odamlarni ko‘rish mumkin edi. Yaponlar uchun har kuni cho‘milish, qo‘lni nam sochiqchada artish, imkon bo‘lishi bilan qo‘lni yuvish kundalik odatga aylanib bo‘lgan.
Yaponlar qo‘l berib ko‘rishmaydi. Ular o‘z odatiga ko‘ra ta'zim bilan salomlashadi. Bu esa virus yuqish ehtimolini kamaytiradi. Virus juda ko‘p holatlarda qo‘ldan qo‘lga o‘tadi.
Yaponiyada yashayotgan biolog Vladimir Belousov Yaponiyada virus juda keng tarqalib ketmaganining juda oddiy sabablarini keltirdi.
Gigiyena, niqob va ovqat. Nimaga Yaponiyada karantin yoki favqulodda holat e'lon qilinmayapti?



















