U aholini muammoga jiddiy yondashib, uydan yoki dala hovlidan o‘ta zaruriyatsiz chiqmaslik, kutilayotgan iqtisodiy muammolar to‘g‘risida ogohlantirdi. Medvedevning murojaati «VKontakte», «Feysbuk» va IGTV orqali e'lon qilingan.
https://vk.com/video_ext.php?oid=53083705&id=456239281&hash=4c255e47f87a6c8b&hd=2
«Hozir sodir bo‘layotgan voqealar kimlargadir qandaydir o‘yin, kino, Hollivud trilleri kabi ko‘rinishi mumkin, lekin bu aslo o‘yin emas. Jahonda virus yuqtirganlar soni yarim milliondan oshdi. Afsuski, bugun sodir bo‘layotgan voqealar har birimiz va butun insoniyat sivilizatsiyasi uchun real tahdiddir», — dedi Medvedev.
U epidemiya fonida sarosimaga tushmaslik juda muhimligini qayd etib o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, koronavirusga qarshi barcha choralar ko‘rilmoqda, shuningdek u «kasallikning tez tarqalishiga to‘sqinlik qilishni uddalayotgan» shifokorlarga alohida minnatdorchilik bildirdi.
«Nima bo‘lganda ham, biz ssenariyning turli rivojlariga tayyor turmog‘imiz kerak. Noxush ssenariy yanada qat'iy choralar ko‘rilishini taqozo etadi, shu sababli bu narsa sodir bo‘lmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qilishimiz kerak: prezident murojaatiga diqqat qiling, o‘z intizomingizni namoyon qiling va eng asosiysi — o‘zingiz va yaqinlaringiz uchun qo‘shimcha tahdidlar yaratmang», — dedi Dmitriy Medvedev.
Medvedev bu insoniyat tarixidagi birinchi epidemiya emasligini qayd etib, «insoniyat avval ham birlashib bunday kasalliklarni yengganini» ta'kidladi. U shuningdek, COVID-19 pandemiyasi tufayli bo‘lajak iqtisodiy qiyinchiliklardan ogohlantirdi va Rossiya bunday qiyinchiliklarni yengib o‘ta olishiga ishonch bildirdi.
«Albatta, pandemiya iqtisodiy qiyinchiliklarga olib keladi. Uni allaqachon jahonning ko‘pgina davlatlari, jahon iqtisodiyoti boshidan kechirmoqda. Rossiya qo‘shaloq shokka duchor bo‘ldi: virusga neft kotirovkalarining qulashi qo‘shildi, lekin siz bilan bizda qiyinchiliklarni yengib o‘tish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajriba bor», — dedi Medvedev.
















