XXR Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy hukumati 22 yanvardan buyon har kuni yangi o‘lim holatlari to‘g‘risida ma'lumot berib kelayotgandi.

23 yanvarda Xubey provinsiyasida qat'iy karantin joriy etilgandi. Ikki oy davomida ushbu hudud markazi, 11 million kishi yashaydigan Uhan shahridan chiqish va unga kirish taqiqlandi. Shahar bilan temir yo‘l orqali va aviaaloqalar to‘xtatildi, odamlarga uydan chiqmaslik buyurildi.
Xubey provinsiyasining ayrim hududlarida 10 mart kunidan karantin choralari yumshatila boshlandi. Mart oyi o‘rtalarida Uhan shahri bo‘ylab harakatlanishga va muhim korxonalar faoliyatiga ruxsat berildi. 25 mart kuni esa Xubey provinsiyasiga kirish va chiqishga o‘rnatilgan cheklov bekor qilindi. Mart oyi oxirida Xitoyda kundan-kunga zararlanish holatlari kamaydi, kunlik o‘limlar soni 10tadan ko‘p bo‘lmadi.
Endilikda Xitoy hukumati 8 aprel kunidan Uhanda harakatlanishga doir qisman cheklovlar ham bekor qilinishini ma'lum qildi. Ayni vaqtda shaharda metroning bir necha bekatlari ochilgan, ko‘plab korxonalar faoliyati tiklangan, restoranlar va savdo markazlari ishlamoqda.
Mobil telefonida AliPay ilovasi (salomatlik holatini ko‘rsatib turuvchi ilova) mavjud bo‘lganlarga yashil, sariq yoki qizil rangli kod beriladi. Sariq rangli kod egalaridan bir hafta uydan chiqmaslik so‘raladi, qizil kod esa ikki haftalik karantinni o‘tash shartligini bildiradi. Yashil kod esa Uhandan chiqish imkonini beradi.
Hozircha o‘quv muassasalari va bolalar bog‘chalari yopiqligicha qolmoqda, bu epidemiologik vaziyatga ilmiy baho berilishiga bog‘liq.
Qat'iy karantin Uhanda ikki oy davomida saqlanib turdi. Mamlakatdagi boshqa yirik shaharlar, masalan Shanxay yoki Pekinda bunday keskin choralar qo‘llanmadi. Faqat ayrim hududlarda mart oyida ham xorijdan kelganlar uchun 14 kunlik karantin tartibi amalda bo‘ldi.
Statistikaga ko‘ra, Xitoyda epidemiya cho‘qqisi fevral oyida o‘tib bo‘lgan. 23 fevraldanoq koronavirus qurbonlari soni kamayishni boshlagandi.










