Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbayi bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tomorqasiga ekin ekmagan fuqarolar yer solig‘ini oshirilgan stavkada to‘lashi ma'lum qilindi.

Prezident bugungi sharoitda tomorqani eng ishonchli daromad manbayi sifatida baholadi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi jahonning eng yetakchi mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi yetarlicha ta'minlanmaganini ko‘rsatgani qayd etildi. 

Davlat rahbari bu masalada – O‘zbekistonda oziq-ovqatga bo‘lgan ichki talabni to‘la qondirish, aholi farovonligini oshirish uchun katta zaxira va imkoniyatlar mavjud ekanligini aytib o‘tdi.

«Buning uchun qishloq joylardagi barcha fermerlar, klasterlar hamda dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda dala va tomorqalarda bahorgi ekin ekish ishlarini davom ettirishlari shart. Aytish lozim, mutasaddi rahbarlar oziq-ovqat va ishlab chiqarishni ko‘paytirish ishlarini unutsa, fermerlarimiz dalasini o‘z holiga tashlab qo‘ysa, aholi tomorqasidan foydalanmasa ertaga xalqimizni boqish va ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta'minlash jiddiy muammoga aylanadi.

Shu maqsadda aholi tomorqalaridan foydalanish borasida qator qarorlar qabul qildik, ayrim qonunlarga o‘zgartirishlar kiritdik. Xususan, tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 350 milliard so‘m ajratilib, fermerlar kengashi huzurida jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ya'ni, tomorqa bilan ishlaydigan, moddiy resurslarni yetkazib beradigan, moliyalashtirishdan tortib, ekin ekishni nazorat qiladigan yangi tizim joriy etildi. Bugun bu tizim samarali ishlashini ta'minlash fursati yetdi, deb hisoblayman.

Masalan, bugun tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan mirishkor dehqonlarimizning tajribasini keng joriy qilishimiz kerak. Aytaylik, Asaka, Oltinko‘l, Namangan, Uychi, Angor, Jarqo‘rg‘on, Kitob, Toyloq, Samarqand, Yangiyo‘l, Zangiota, Oltiariq, Quva kabi tumanlarda aksariyat oilalar bir yilda ikki-uch marta hosil oladi. Ushbu hududlarda 8-10 sotixlik tomorqasidan yiliga 50-100 million so‘mgacha daromad qilayotganlar bor.

Lekin Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Zarbdor, Zafarobod, Muborak, Konemix, Boysun, Past Darg‘om, Mirzoobod, Buka, Gurlan kabi tumanlarda esa 60-65 foiz aholi tomorqasidan samarasiz foydalanyapti. Bu yilgi murakkab sharoitni hisobga olib, barcha tomorqalarda ikki-uch marta ekin ekish, qo‘shimcha daromad qilish birinchi darajali vazifa bo‘lishi lozim», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.