Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyatining Tuproqqal'a tumanini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Xorazm viloyatining Tuproqqal'a tumanini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlanadi:
2020-2022 yillarda Xorazm viloyatining Tuproqqal'a tumani kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari;
2020-2022 yillarda Xorazm viloyatining Tuproqqal'a tumanida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli dasturi;
2020-2022 yillarda Xorazm viloyatining Tuproqqal'a tumanida yo‘l-transport infratuzilmasi tizimini yaxshilash va elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik suv hamda aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish dasturi;
2020-2022 yillarda Xorazm viloyatining Tuproqqal'a tumanida ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturi;
2020-2022 yillarda Xorazm viloyatining Tuproqqal'a tumanida irrigatsiya va melioratsiya obektlarini ta'mirlash dasturi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Moliya vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi tuman aholisini uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida yangidan “suv tozalash inshooti” tashkil qilish hamda Pitnak shaharchasida oqova suv tizimini (kanalizatsiya) rekonstruksiya qilish ishlariga 2020-2022 yillarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘radi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni narx jihatdan raqobatbardoshligini ta'minlash maqsadida erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilariga respublikaning boshqa hududlaridan olib kelinadigan xomashyolar va respublika hududlariga yetkazib beriladigan mahsulotlarni tashish uchun transport vositalariga sarflanadigan xarajatlarga subsidiya berish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadilar.
Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilariga davlat tomonidan erkin iqtisodiy zonasi hududida loyiha amalga oshirish uchun zaruriy bino va inshootlarni qurishda quruvchi tashkilot tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun undiriladigan qo‘shilgan qiymat solig‘iga teng miqdorda subsidiya berish masalasini ko‘rib chiqadilar.














