Britaniyaning VVS nashri tahlilchisi Jon Spel Donald Tramp ishtirokidagi so‘nggi matbuot anjumani haqida mulohazalarini bildirdi. Quyida Jon Spelning shu boradagi maqolasi aynan keltiriladi.
1998 yil Bill Klintonning Monika Levinski bilan sevgi qissasi haqidagi mish-mishlar munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda qatnashganman. Tramp meni haqorat qilgan 2018 yilgi matbuot anjumanida ham tabiiyki bor edim.
Tramp AQSh razvedkasi ma'lumotlariga emas, Vladimir Putinning so‘zlariga ishongan Helsinkidagi uchrashuvda ham bo‘lganman. Tramp va Kim Chen Inning uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida qatnashish ham nasib qilgan. Xullas, ko‘plab katta uchrashuvlarda ishtirok etganman, ammo dushanba kuni kechasi Oq uydagi 2 soat-u 24 daqiqa davom etgan matbuot anjumani men qatnashgan eng hayratlanarlisi bo‘ldi...
Kechagi matbuot anjumanida men Donald Tramp bilan uch yil ishlagan jurnalist sifatida u haqida ma'lum xulosalar chiqardim.
Yarim million amerikalikka yuqib, 23 mingdan ortiq amerikalikning umriga zomin bo‘lgan koronavirus (13 aprel ma'lumoti, ayni vaqtda qurbonlar soni oshgan – tahr.) AQShda tobora keng tarqalayotgan bugungi kunda Donald Trampning mart oyida «Hammasi yaxshi bo‘ladi, AQShda infeksiya yuqtirganlar unchalik ko‘p emas, tez orada birorta kasallangan qolmaydi», degan gaplarini tez-tez eslayman.

Kechagi matbuot anjumanida Tramp kasallanganlar, vafot etganlar yoki og‘ir ahvoldagilar haqida emas, faqat va faqat o‘zi haqida gapirardi! Tramp OAV uning koronavirusga qarshi siyosatini noto‘g‘ri yoritayotganidan nolishga ham ulgurdi.
U matbuot anjumanidan keyin bizga bir video ko‘rsatdi. Gaplarimga shubhalanayotgan bo‘lsangiz, o‘sha rolikni tomosha qiling. Matbuot anjumanini televizorda tomosha qilgan bo‘lsangiz, o‘sha rolik ham ko‘rsatilgan. Bu video Oq uy vakillari tomonidan ishlangan bo‘lsa-da, ko‘proq saylovoldi dasturlarda ishlatiladigan roliklarga o‘xshardi. Agar u film bo‘lganida, zo‘r nom topib qo‘ygandim: «Koronavirus: nega Donald Tramp yaxshi, gazetalar esa yomon».
O‘sha rolikda ko‘rsatilgan jurnalistlardan biri matbuot anjumani tugashi bilan uning gaplari kontekstdan yulib olinganini aytdi. Tramp video boshlanishida xafadek ko‘ringandi, ammo keyin zaharxanda bilan bizga qo‘lini bigiz qilib, mazax qilganday yoyilib kuldi. Bu bilan «Qandaysiz endi, omadsizlar», degandek bo‘ldi go‘yo.

















