Koronavirus pandemiyasi eng global dunyoviy muammoga aylandi. Unga qarshi turish hamda fuqarolar manfaatlarini, birinchi navbatda, ularning hayoti va sog‘ligini himoya qilish maqsadida qayerdadir karantin, qayerdadir favqulodda holat e'lon qilingan. Bunday sharoitda fuqarolarning salomatligini saqlash, jamoat tartibi va xavfsizlikni ta'minlash har qachongidan dolzarb bo‘lib qoladi. Shu bois davlat tomonidan tezkor choralar qabul qilinishi zarur bo‘ladi.

Karantin paytida davlat tomonidan o‘rnatilgan taqiqlarga nisbatan beparvolik va befarq munosabat qat'iy va amaliy choralar, xususan, jiddiy javobgarlik choralari ko‘rilishini talab qiladi.

Xitoyda o‘lim jazosi

Foto: Kevin Frayer / Getty Images

Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, hukumatlar karantin rejimini buzganlik uchun shak-shubhasiz va zudlik bilan jiddiy javobgarlik choralarini ko‘radi. Masalan, virus paydo bo‘lgan Xitoyda o‘zini yakkalash rejimini buzganlik uchun katta miqdordagi jarimalar, qamoq jazosi, o‘ta og‘ir holatlarda esa hatto o‘lim jazosi ham tayinlandi.

AQShda 10 ming dollargacha jarima

AQShda 11 apreldan boshlab katta falokat rejimi joriy etildi. Qator shtatlarda mart oyining oxirlaridayoq o‘ta zaruriy holatlarsiz uyni tark etish taqiqlandi. AQShda karantin choralari ham federal, ham mahalliy hokimiyat organlari vakolatiga kiradi (shtatlar kasallik yuqtirgan odamlarning o‘z hududi bo‘ylab harakatlanishini cheklaydi, federal yurisdiksiya shtat chegaralari hamda davlat chegaralarini kesib o‘tuvchilarga taalluqlidir).

Masalan, Viskonsin shtatida biror bir shaxs o‘zining kasallanganini bilaturib karantin talablariga bo‘ysunishdan bosh torsa, u 500 dollar jarimaga tortilishi yoki 30 kungacha qamoqqa olinishi mumkin. Vayomingda izolyatsiya rejimini buzganlik uchun 10 ming dollargacha jarima va bir yilgacha qamoq jazosi, Texasda esa olti oygacha qamoq jazosi va 2 ming dollar jarimaga tortish belgilangan.

AQSh federal qonunchiligida karantin buzganlik uchun 250 ming dollardan ko‘p bo‘lmagan jarimaga tortish va (yoki) ikki yil qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Bunda kim bo‘lishidan qat'i nazar hamma javobgarlikka tortiladi. Masalan, Olton (Illinoys shtati) merining rafiqasi Brent Uolkerni karantinni buzgani uchun politsiya tomonidan hibsga olindi va unga nisbatan tegishli choralar qo‘llandi.