Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru sog‘liqni saqlash vaziri Luis Mandettani mamlakatda koronavirusga qarshi kurash borasidagi yondashuvlari turlicha bo‘lgani uchun iste'foga chiqardi.

Bolsonaru koronavirusning xavfliligi bo‘rttirib yuborilgan deb hisoblaydi. Avvalroq Braziliya prezidenti epidemiyani «kichikroq gripp» deb atagan va shtatlar gubernatorlarini cheklov choralari kiritgani uchun tanqid qilgandi.

Mandetta esa boshqacha fikrda edi —Braziliya sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy muloqotlarni maksimal darajada cheklashni tavsiya qilayotgandi. Bolsonaru o‘z navbatida bunday choralar iqtisodiyotga zarba berishi va ishsizlikning o‘sib ketishini ta'kidlagandi.

Bolsonaru Mandettaning o‘rniga onkolog Nelson Taishni sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinladi.

Braziliyada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 31 mingta holat qayd etilgan, ikki mingga yaqin kishi vafot etgan.