1. Holatni qabul qiling
Eng ochiq-oydin, ammo og‘ir yo‘l. Siz noxush epidemiologik vaziyatni shaxsan barqarorlashtira olmaysiz. Va mijozlaringizga uydan chiqishni taqiqlaydigan ko‘rsatma va qonunlarni bekor qilolmaysiz. Ammo o‘z kuchingiz va asabingizni vahimaga sarflashdan tiyilishga qodirsiz. Hissiyotlar og‘ushida qaror qabul qilish – har qanday biznesning ashaddiy dushmanidir. Yaxshisi jahl va boshqa bosqichlardan darhol voz kechib, qabul qilish bosqichiga o‘tish kerak: chunki undan baribir qochib qutulolmaysiz.
Vaziyat siz uchun biznesning barcha tizimlarini kuchli sinovdan o‘tkazuvchi o‘ziga xos stress-testga aylanadi. Agar siz hozir ishni to‘xtatib, bo‘ronning tinchishini kutadigan bo‘lsangiz, keyinchalik har qanday holatdan xulosa chiqara oladigan, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydiganlar bilan raqobatlashishga to‘g‘ri keladi.
2. Qaysi xarajatlarni qisqartirish mumkinligini o‘ylab ko‘ring
Keng ko‘lamli inqiroz sababli odamlar kam sarflay boshlaydilar. Demak, hech qanday chora ko‘rmasangiz, foydangiz barqaror ravishda pasaya boshlaydi.
Foyda – daromad va xarajatlar orasidagi farqdir. Demak, qilmagan xarajatlaringiz kapitalingizni ko‘paytiradi. Biznesingiz nimalardan voz kecha olishi haqida o‘ylab ko‘ring.
Masalan:
- pullik dastur ta'minoti, ularning bepul muqobillari ham bo‘lishi mumkin;
- katta reklama xarajatlari;
- autsorsingga topshirilayotgan vazifalar;
- ta'minotchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki distribyutorlar orqali ishlash;
- xodimlarni rag‘batlantiruvchi to‘lovlar;
- xodimlarni o‘qitish xarajatlari. Ulardan to‘liq voz kechish shartmas, balki bepul turlarini topish mumkin;
3. Xodimlaringiz xavfsizligini ta'minlang
Butun dunyo qo‘rqayotgan COVID‑19 haqiqatdan ham xavfli. Agar mijozlar bilan onlayn emas, bevosita yaqin aloqada ishlaydigan bo‘lsangiz, ularning va xodimlaringizning xavfsizligini ta'minlash – sizning vazifangiz.
Masalan, agar do‘koningiz bo‘lsa, peshtaxta yuzalarini, eshik tutqichlarini muntazam dezinfeksiya qilish, savdo zalidagi odamlar sonini cheklash, pollarni nam latta bilan artib turish, imkoni boricha to‘lovlarni naqdsiz qabul qilish – muhim himoya choralaridir. Va albatta shamollashning har qanday alomatiga ega xodimlarni ishga chiqishini taqiqlash zarur.
















