Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda ular ko‘targan masalalar asosida yangi tashabbuslarni e’lon qildi. Birinchi yo‘nalish – tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlash.
Endi biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi. Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.
“Biznes start” doirasida tadbirkorlar sun’iy intellekt yordamida loyiha, kredit hujjatlari va hisobot yuritishni o‘rganadi. Bu maqsadga 100 milliard so‘m ajratilib, tayyor biznes-reja va 200 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
“Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”, – dedi davlatimiz rahbari.
Kichik tadbirkorlar uchun eng katta masalalardan biri – garov ta’minoti. Shu bois, biznesning haqiqiy qiymatini baholab kredit berish imkonini yaratadigan “kontr-kafolat” tizimi joriy etiladi.
10 milliard so‘mgacha kreditda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga 25 foiz garov topish kifoya qiladi.









