Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan yana 20 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Tuzalganlarning barchasi Namangan shahridan bo‘lib, 19 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan, bir nafari Turkiyadan kelgan. Bemorlarning 7 nafari erkak, 13 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 67 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularning xastalikni to‘liq yengib o‘tganligini ko‘rsatdi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 23 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 43 nafarga yetdi».

Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 21 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Shifo topganlarning 8 nafari Rossiyadan Toshkentga kelishgach, «Sokol» oromgohiga karantinga olingan, 1 nafari Fransiyadan, yana 1 nafari esa BAAning Dubay shahridan kelgan. Ularda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Qolgan 11 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yutirib olgan. 

Bemorlardan 11 nafari erkak, 10 nafari ayol. Ulardan 13 nafari poytaxtimizdan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridan 2 nafardan, Navoiy, Xorazm va Toshkent viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 67 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 11 yoshda. So‘nggi tekshiruvlar ushbu bemorlarda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. 

Ushbu klinikada shu paytga qadar 29 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 50 nafarga yetdi.

Shuningdek, bugun Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan ham koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 10 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 3 nafari Moskva – Toshkent, 1 nafari Istambul – Toshkent yo‘nalishida charter reysda kelishgan va karantinga olingan. Qolgan 6 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 5 nafari erkak, 5 nafari ayollardir. Ulardan 9 nafari Toshkentdan, 1 nafari Xorazm viloyatidan. Ular orasida eng yoshi kattasi 62 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 11 yoshda. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida shu paytga qadar 32 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 42  nafarga yetdi.