Ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekistonda internet orqali ZAGSdan o‘tish mumkin bo‘ldi» sarlavhali asossiz xabar keng tarqalmoqda.

Xabarda Davlat xizmatlari agentligi nikohni qayd etish uchun FHDYoga elektron ariza namunasini my.gov.uz portalida taqdim etgani ma'lumot o‘rnida keltiriladi.

Mazkur yangilik fuqarolarda endilikda nikohni FHDYo bo‘limiga bormasdan turib ham rasmiylashtirish mumkin, degan noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuni aytish kerakki, yuqoridagi havolada Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida nikohni qayd etish uchun FHDYo organiga elektron ariza topshirish imkoniyati keltirilgan xolos. «ZAGS»dan internet orqali o‘tish mumkin bo‘lgani haqidagi ma'lumotga esa hech qanday manba keltirilmagan.

Oila kodeksining 13-moddasida nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuzilishi, shuningdek nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Oila kodeksining 14-moddasiga binoan, nikoh tuzish ixtiyoriy hisoblanadi hamda nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 87-bandiga ko‘ra, nikohni qayd etish faqat nikohlanuvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi.

FHDYo organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligiga hamda ushbu tekshiruvlarning natijalari to‘g‘risida ularning xabardor ekaniga ishonch hosil qilishi kerak. Nikohning ishonchnoma bo‘yicha yoki vakil orqali, shuningdek tibbiy tekshiruvdan o‘tganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma bo‘lmaganda qayd etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.