Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini va aksiyadorlik jamiyatlarida kuzatuv kengashining yig‘ilishini chaqirish va masofadan turib o‘tkazish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Aksiyadorlik jamiyatlarining Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlari hamda Kuzatuv kengashlari yig‘ilishlarini o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar yig‘ilishni o‘tkazish operatori tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Ovozga ega aksiyalarning barchasi bitta aksiyadorga tegishli jamiyatlarga ushbu tartibning kuzatuv kengashi yig‘ilishlarini tashkil etish va o‘tkazish qismigina taalluqli.

Masofaviy tadbirlarga taklif etilgan shaxslar aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi/kuzatuv kengashi yig‘ilishlari jarayonini kuzatishi, ovoz berish huquqisiz aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi/kuzatuv kengashi yig‘ilishlari materiallari bilan tanishishi mumkin.

Aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari amalga oshishini ta'minlash uchun Jamiyatni boshqarish hamda nazorat qilish organlari aksiyadorlarning ulushidan qat'i nazar barcha aksiyadorlar uchun teng munosabatni ta'minlaydilar.

Ovozga qo‘yilgan masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlarning qonuniyligi elektron ovoz berish bilan tasdiqlanishi mumkin.
 
Yig‘ilishni o‘tkazish operatori tadbirlarning masofaviy tartibda onlayn rejimida shaffof o‘tishini ta'minlash uchun kerakli axborot-kommunikatsion texnologiyalarga ega O‘zbekiston Respublikasi rezidenti, yuridik shaxs bo‘lishi kerak.

Yig‘ilishni o‘tkazish operatori quyidagilarni ta'minlaydi:

Jamiyatga aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi va Jamiyatning kuzatuv kengashi yig‘ilishlarida masofaviy ishtirok etish uchun OneID (https://id.gov.uz/) Yagona identifikatsiya tizimi orqali ishtirokchilar identifikatsiyasi amalga oshirish imkonini berish;

yig‘ilish ishtirokchilariga onlayn rejimda ovoz berish imkonini beradigan elektron platformani, shuningdek, elektron byulletenlar hamda ovoz berish natijalari haqidagi axborot joylangan bo‘limlarni taqdim etish;

ovoz berish natijalari haqidagi axborotni real vaqt rejimida olish va aksiyadorlar bilan onlayn muloqot qilish imkoniyati;

Jamiyatning aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi va kuzatuv kengashi yig‘ilishlarini tayyorlash va o‘tkazish davomida maxfiylik va axborot xavfsizligi.