Botir Qobilov professor Jonas Xiz bilan hamkorlikda «O‘zbekiston kapital bozorini qurish» nomli o‘quv qo‘llanmasini ishlab chiqdi.

Ushbu qo‘llanmadan Harvard biznes maktabining «Biznes tahlili va uni baholash» kursida foydalanish rejalashtirilgan.

Qo‘llanma talabalarga birmuncha vaqt oldin xalqaro hamjamiyatga ochilgan, rivojlanayotgan kapital bozoriga misol sifatida tavsiya etiladi. Unda yirik salohiyatga ega mamlakatda kapital bozorining paydo bo‘lishi haqida so‘z boradi.

Qo‘llanmada kapital bozorini muvofiqlashtirish sohasidagi kamchiliklar, jumladan, kapital bozorini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning ko‘pligi, aholi moliyaviy savodxonligining pastligi, emitentlar faoliyati haqidagi ma'lumotlarni o‘z vaqtida ochiqlash tizimi, moliyaviy hisobot standartlarining xalqaro standartlarga to‘liq mos kelmasligi kabi kamchiliklar ko‘rib chiqilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Kapital bozorini rivojlantirish agentligining bir qator xalqaro moliya institutlari, xorijiy regulyatorlar bilan hamkorlik o‘rnatib, bitimlar imzolagani ham tahlil etilgan.

Hammuallif Botir Qobilov qo‘llanmaning yaratilishi haqida shunday deydi:

«Harvardda asos solingan, dunyoga mashhur «case-method», ya'ni biznes-keys asosida dars berish metodologiyasi mavjud. Bu kabi keyslarni avval ko‘p o‘qiganman, hatto o‘z vaqtida Dyuk va Stenford universitetlarida bakalavr yo‘nalishdagi talabalarga Kleyton Kristensenning keyslari bo‘yicha kursga assistentlik qilgan edim.

Bu dars berish usulida o‘quv qo‘llanma yoziladi, unda jamoa, biznes, sanoat yoki hukumat oldida turgan real vaziyatlar, yechilishi kerak bo‘lgan masalalar bayon qilinadi. Darsdan avval va dars jarayonida talabalar bir-birlari bilan muhokama qilib, yechimlarni taklif qiladilar va tavsiyalar berishadi. Darsning oxirida esa o‘sha qo‘yilgan vaziyat qanday yakun topgani professor va keysda tilga olingan mehmon tomonidan e'lon qilinadi va talabalar xulosa qiladilar.

Dars jarayoni juda qiziq va interaktiv o‘tadi, professorlar leksiya o‘tmaydi va har bir talabaning qatnashishi talab etiladi.

Qisqasi, umuman O‘zbekiston haqida, u yerdagi biznes yoki iqtisodiyoti haqida hali birorta keys yozilmagan ekan. Harvardga kelganimdan beri bu haqda yozishga niyat qilgandim. Yaqinda hammuallif professor bilan birinchisini chop etdik.