Jamiyat | 08:22 / 23.04.2020
16247
3 daqiqa o‘qiladi

IIV Toshkentda «Matiz» haydovchisi ikki tuyani urib ketgani aks etgan video bo‘yicha ma'lumot berdi

Tuyalar fuqarolardan biriga tegishli ekanligi aniqlanib, bog‘lab qo‘yilgan joyidan bo‘shalib, avtomobil yo‘liga chiqib qolganligi ma'lum bo‘lgan

Foto: Videodan kadr

Joriy yilning 21 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda “Matiz” yo‘lda yurgan tuyani urib yuborgani, tuya joyida o‘lgani haqida videolavha tarqatildi.

IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, videolavhadagi holat o‘rganilganda, 2019 yil 11 iyun kuni soat 23:45larda haydovchi S.K. fuqaro D.L.ga tegishli “Matiz” rusumli transport vositasini tegishli me'yoriy hujjatlarsiz Toshkent shahar, Bektemir tumani hududida Oltintopgan ko‘chasi bo‘ylab, Bektemir shoh ko‘chasi tomonga boshqarib ketayotib, harakat davomida “Koka-kola” binosi qarshisida yo‘nalishi bo‘yicha oldinda haydovchiga nisbatan qarama-qarshi yurib kelayotgan bir tuyani urib yuborib, hodisa joyida o‘z vaqtida to‘xtamay, harakatda davom etishi oqibatida yo‘lning o‘ng qatoridagi ikkinchi tuyani ham urib yuborgan va transport vositasi ag‘darilgan.

 
Toshkentda «Matiz» haydovchisi 2ta tuyani urib ketdi. IIV rasmiy ma'lumot berdi

Toshkentda «Matiz» haydovchisi 2ta tuyani urib ketdi. IIV rasmiy ma'lumot berdi 👉 https://kun.uz/62639461

Posted by Kun.uz on Wednesday, April 22, 2020

Natijada, haydovchi S.K. tan jarohati olib shifoxonaga murojaat qilgan. Urilgan birinchi tuya jarohat olgan, ikkinchi tuya hodisa joyida o‘lgan.

Tuyalar fuqaro M.K.ga tegishli ekanligi aniqlanib, bog‘lab qo‘yilgan joyidan bo‘shalib, avtomobil yo‘liga chiqib qolganligi ma'lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar, Bektemir tumani ma'muriy sudiga yuborilgan.

Joriy yilning 7 yanvar kuni Bektemir tumani ma'muriy sudi tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan fuqaro S.K.ga nisbatan BHMning 5 baravari, fuqaro D.L.ga nisbatan BHMning 3 baravari va tuyalar egasi M.K.ga nisbatan BHMning ½ qismi miqdorida jarima jazosi tayinlangan, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid