Koronavirus infeksiyasi inson jamiyatlarini o‘zgartiradi. Ehtimol, pandemiya chog‘ida fuqarolarning katta qismi o‘z uyida izolyatsiyalangan mamlakatlarda qamoqxonalardan foydalanishni qisqartirish uzoq muddatli oqibatlarga aylanar…
«Novaya gazeta» Sankt-Peterburgdagi Oliy iqtisodiyot maktabi ilmiy-tadqiqot universitetining katta ilmiy xodimi, sotsiologiya fanlari doktori Iskander Yasaveyevning bu boradagi fikrlarini keltirmoqda.
Ozodlikdan mahrum etish — qamoqxona yoki koloniyaga joylashtirish — hamon bir qator mamlakatlarda qo‘llanilib kelinmoqda, garchi kriminologlarning fikricha, alohida juda kam hollar istisno qilinsa, maxsus muassasalarga qamash hech qanday tarbiyaviy ta'sirga ega emas. Jinoyatga qarshi kurashish siyosatga ta'sir o‘tkazuvchi omillardan biri fuqarolarning jinoyatchilar va jazoga nisbatan talablaridir.
Rossiyada huquqbuzarlarga qarshi jazolovchi munosabat keng tarqalgan va «o‘g‘ri qamoqxonada o‘tirishi shart», qabilidagi qarash shakllanib bo‘lgan. Ozodlikdan mahrum etishni aksariyat odamlar adolatli va o‘rinli jazo deb bilishadi, qamoqxona va koloniyaga muqobil bo‘lgan ozodlikni cheklash, majburiy ishlar, axloq tuzatish ishlari va jarimalar — juda yengil jazo sifatida qabul qilinadi.
Hokimiyat ham xalq o‘rtasida keng tarqalgan bunday jazolash istagini jon-jon deya qabul qilib, jinoyatchilikka qarshi kurash siyosatiga doir qarorlarida, shuningdek, sud hukmlarida ularni aks ettiradi.
COVID-19 pandemiyasining oqibatlaridan biri ozodlikning cheklanishi bo‘lmoqda — dunyo bo‘ylab millionlab odamlar oylab uylarini tark etolmay qolishdi. Hattoki eng yaqin do‘konga borish imkoniyatidan mahrum etuvchi bu cheklov borgan sari og‘ir chora sifatida qabul qilinmoqda.
Ya'ni, koronavirus erkin harakatlanish qadriyatini yanada yorqinroq ko‘rinishda namoyon etib berdi.
Shuning uchun taxmin qilish mumkinki, insonlarning qamoqxonaga tiqishdan ko‘ra inson ozodligini cheklashga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi — o‘z yashash joyini tark etishga yoki ma'lum bir muddatga uzoqlashishga nisbatan taqiq qat'iyligi bo‘yicha qamoqxonaga joylashtirishdan kam bo‘lmagan real jazo sifatida qabul qilina boshlaydi.
Qamoqxonadan voz kechish imkoniyatini doimo izlash yoki undan foydalanishni haddan tashqari qisqartirish zaruriyati haqida yetakchi kriminologlar, jumladan, Finlyandiyadagi qamoqxonalar islohotini amalga oshirganlar yozishgan.


















