— Biz karantinni va iqlimdagi o‘zgarishlarni qishloq xo‘jaligiga ta'siri haqida gaplashdik. Bu borada qishloq xo‘jaligi rivojlangan dunyo davlatlarida sug‘urta tizimi juda yaxshi ishlaydi.Klaster egasi, fermer o‘z mahsulotini sug‘urta qildiradi va hosili qaysidir sabab bilan nobud bo‘lsa, u sug‘urta pulini oladi. Afsuski, bu tizim bizda hali ishlamaydi. Qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida sohaga sug‘urta tizimi qachon kirishini, tomorqachilar, dehqon va fermerlarning ekkani qachon sug‘urta bilan himoya qilinishini ayta olasizmi?
— Bu masala Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida ham belgilangan. Unda yangi sug‘urta tizimiga o‘tish, qishloq xo‘jaligida moliyalashtirish mexanizmini yangilash, paxta va g‘allaga davlat buyurtmasini bekor qilish, sohada to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tish, banklarning ishonchli kreditlari orqali yer egalari va ularning ekinlarini himoyalashni reja qilganmiz.
Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalashning ikkita yo‘li bor. Birinchisi davlat tomonidan sug‘urtalash. Buni nimaligini yaxshi bilasiz. Ikkinchisi tijoriy sug‘urtalash, ya'ni sug‘urta kompaniyalari qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘urtalashga qiziqish bildirishi, foydani ham shundan ko‘rishi kerak.
Siz aytganingizdek, sug‘urta tizimiga yetib kelishimiz qishloq xo‘jaligini iqtisodiy jihatdan rivojlanishi bilan hamohang bo‘lishi kerak. Buning uchun budjet tomonidan qishloq xo‘jaligiga yo‘naltiriladigan mablag‘larning bir qismini mana shu tizimni rivojlantirishga sarflash kerak. Hosilni sug‘urtalash tizimining rivojlanishi qishloq xo‘jaligini rivojlanishi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq.
Fikrimcha, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan, ayniqsa, mavsumiy ekinlarni ekib, foyda olish nuqtai nazaridan tadbirkor va fermerlarimiz qancha ko‘paysa, ana shunda davlat va xususiy agrosug‘urta kompaniyalari ham ko‘payadi. Biz ham yirik agrosug‘urta kompaniyalari bor davlatlarni O‘zbekistonga keng jalb qilishimiz mumkin.
Aytmoqchimanki, qishloq xo‘jaligida fermer va tomorqachilarni sug‘urtalash tizimiga o‘tmoqchi ekanmiz, bunda ham bozor mexanizmi ishlashi kerak.















