Jahon | 18:45 / 24.04.2020
10124
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili Ukrainada lavozimga tayinlanadigan bo‘lsa, Gruziya Kiyevdagi elchisini chaqirib oladi 

22 aprel kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Mixail Saakashviliga bosh vazirning islohotlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini taklif qilgani ma'lum bo‘ldi.

Mixail Saakashvili / Foto: Kommersant'

Agarda Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari etib tayinlanadigan bo‘lsa, Kiyevdagi elchi chaqirib olinadi. Bu haqda Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariya ma'lum qildi.

«Biz og‘ir jinoyatlari uchun hukm chiqarilgan va qidiruvdagi shaxsning strategik hamkor tomonidan bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlanishini qabul qilolmaymiz. Gruziya bunday qadamga albatta javob qaytaradi. Biz hozircha elchimizni chaqirib olmadik, ammo bunday qaror qabul qilinsa, biz elchini kamida maslahatlashuv uchun chaqirib olamiz», — dedi Gaxariya.

22 aprel kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Mixail Saakashviliga bosh vazirning islohotlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini taklif qilgani ma'lum bo‘ldi.

Vladimir Zelenskiy 2019 yil Saakashviliga Ukraina fuqaroligini qaytargandi. Uning fuqaroligi 2017 yilda sobiq prezident Petro Poroshenko tomonidan bekor qilingan. Saylovoldi dasturida ham Zelenskiydan Saakashvili borasida fikrlarini so‘rashgandi va u Gruziya sobiq prezidentini Yevropada demokratiyani ta'minlash uchun kurashgan, korrupsiyaga qarshi kurashda tajribasi bor, deb maqtagandi.

Saakashvili 2014 yil Ukrainadagi islohotlarni, xususan, Maydan voqealarini qo‘llashi ortidan Poroshenko unga Ukraina fuqaroligini bergandi. U avvaliga prezident maslahatchisi, 2015 yildan esa 1,5 yil davomida Odessa gubernatori bo‘lib ishlagan. Poroshenko bilan kelisholmay qolgach, ishdan ketgan va fuqaroligi ham bekor qilingandi.

Fuqaroligi bekor qilingach, Saakashviliga 2021 yilgacha Ukrainaga kirish taqiqlandi. Ammo u 2018 yil Kiyevda qo‘lga olinadi. Shundan so‘ng siyosatchi samolyotda Polshaga jo‘natib yuboriladi. 2015 yilda Saakashvili Ukraina fuqaroligini olgach, Gruziya fuqaroligidan mahrum qilingan. 2004-13 yillarda 8 yil davomida Gruziya prezidenti bo‘lgan Saakashviliga mamlakatda qator ayblovlar e'lon qilingan. Ammo ko‘plab gruziyaliklar Saakashvili olib borgan islohotlar vaqtida mamlakatda hayot tarzi yaxshilanganini aytishadi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid