O‘zbekiston | 13:32 / 24.04.2020
15208
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijlik shifokor O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashda ko‘ngilli bo‘lish istagini bildirdi

Pokistonlik shifokorning prezidentga murojaati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganilgan va u poytaxt yoki viloyatlarga jalb qilinish uchun shakllantirilayotgan volontyorlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ammar Yunas

2014 yilda Qirg‘iziston Xalqaro universitetida vrach mutaxassisligiga ega bo‘lgan va keyinchalik Markaziy Osiyo Amerika universiteti, shuningdek, Italiya, Livan, Xitoy kabi davlatlarda tajriba orttirgan, ayni paytda Xalqaro Vestminster universitetida tijorat huquqi bo‘yicha katta o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan doktor Ammar Yunas volontyor bo‘lib ishlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga murojaat qildi.

«Koronavirus infeksiyasi pandemiya tusini oldi. O‘zbekistonning bu kasallikka qarshi kurashdagi salohiyatiga shubham yo‘q. Mening tajribam bu kasallikka qarshi kurashda qo‘l keladi, deb o‘ylayman. Rus tilini yaxshi bilaman, O‘zbekiston va Pokiston madaniyati o‘rtasida o‘xshash jihatlar ham ko‘p. Men kamtarona xizmatimni taklif qilishdan mamnunman, qaysi hududga jo‘natishlarining farqi yo‘q»  deydi shifokor o‘z murojaatida. 

Bu murojaat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganilgan va unga poytaxt yoki viloyatlarga jalb qilinish uchun shakllantirilayotgan volontyorlar ro‘yxatiga, ehtiyojdan kelib chiqib tuziladigan ko‘ngillilar zaxirasiga kiritilganligi to‘g‘risida yozma ravishda ma'lum qilingan.

Mavzuga oid