Ular Janubiy Koreya va Turkiyaning pandemiyadagi hayoti, bu davlatlarda bo‘lib turgan o‘zbek migrantlari, o‘zbekistonliklarning koronavirus tarqalgan vaziyatda ishsiz va moddiy mablag‘siz qolish ehtimoli haqida ma'lumot berishadi. 

– Koreyada va Turkiyada kasallanganlarga munosabat qanday? Virusdan kasallangan migrantlarga tibbiy yordam o‘z o‘rnida berilyaptimi?

Eldor Vohidov, Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi maxsus muxbiri:

– Fikrimcha, ayni shu masalada Koreya hukumati juda yaxshi ish qildi. Ya'ni migrant yoki davlat fuqarosi deb odamlarni ajratmadi, kimda alomatlar bo‘lsa, davlat tomonidan hamma tekshiruvdan o‘tkazildi. Va shuning hisobiga ham zararlanganlar soni ko‘payib ketdi.

Agar kimdir o‘zidan shubhalanib, test topshirishni xohlasa, unda 120-180 dollar atrofida to‘lov qilishi kerak bo‘lardi.

Hammaga teng qaralgani uchun ham, tekin va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilgani sabab o‘zbekistonliklar o‘zlarini bu yerda ancha xavfsiz his qilishdi.

Yana bir narsaga aniqlik kiritmoqchiman. Hali O‘zbekistonda virus qayd qilinmasdan oldin o‘zbekistonlik fuqaro Koreyada virus yuqtirgani aniqlangani to‘g‘risidagi xabar shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Hozir o‘sha fuqaro allaqachon tuzalib, o‘z ishini davom ettirmoqda.

Koreyada noqonuniy ishlab yashab kelayotgan, I-card`ga ega bo‘lmagan o‘zbekistonlik va boshqa davlatlarning fuqarolari ham ko‘p. Davlat tomonidan ana shunday noqonuniy migrantlarda kasallik aniqlansa, ularning ham shaxsiy ma'lumotlari sir tutilishi belgilab qo‘yildi.

Mana shunday shaxslar ham tuzalib chiqib, hozirda davlatda yana ishlab kelmoqda.

Koreya, shuningdek, chet el fuqarolariga ham bepul tibbiy niqoblar tarqatilishini yo‘lga qo‘ymoqda.

Sanjar Ikromov, Turkiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik ishbilarmon:

– Turkiyada hududlar bir-biridan farq qiladi. Masalan, Istanbul va Anqarada vaziyat 2 xil. Turkiyaga yillar davomida turli hududlardan qochqinlar kirib kelishi va chet ellik muhojirlar ko‘paygani hisobiga bu yerda xorijliklarga nisbatan hurmat biroz tushgan.

Davlat kasalxonalarida Turkiya fuqarolariga ham to‘liq xizmat ko‘rsatib ulgurmagani uchun o‘zbekistonliklar test topshirish uchun borganda kiritilmagani yoki tashxis qo‘yilib, lekin davolashmagani to‘g‘risida ham xabarlar tarqaldi. Lekin ularning qanchalik to‘g‘riligini aniq bilmayman.