Kun.uz pandemiya va inqiroz davrida davlat tashqi qarzi dinamikasi hamda budjet masalalari bo‘yicha moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov bilan suhbat uyushtirdi.

–  Ramazon oyi boshlandi, sizni mana shu qutlug‘ oy bilan muborakbod etamiz. 

–  Sizlarga ham, siz orqali ko‘rsatuv muxlislariga ham Ramazon muborak, deb qolaman.

–  Barchamizga ma'lumki, tashqi qarz ikki xil bo‘ladi: davlatning tashqi qarzlari va xususiy tashqi qarzimiz bo‘ladi. Bugungi kunda davlat tashqi qarzi birmuncha o‘sgan: 2020 yilni boshiga nisbatan hisoblaydigan bo‘lsak, tashqi qarz yalpi ichki mahsulotning 30 foizi hajmiga teng. Mana shu o‘sishlar nimaning hisobiga bo‘lmoqda va kelgusida davlat tashqi qarzining o‘sishi qaysi omillarga ko‘ra kutilmoqda?

–  Judayam yaxshi va dolzarb savol, Alisher. Meni nazarimda bu haqda oldin ham ko‘p gapirilgan. Avvalambor, davlat tashqi qarzi o‘sish omillari haqda to‘xtalib o‘tsak. Mana, moliya vazirligi tomonidan muntazam ravishda davlat tashqi qarzining holati haqda hisobotlar taqdim etilib bormoqda. Kuni kecha davlat qarzining 2019 yilgi holati to‘g‘risida sharh chop etildi. Bu hozir moliya vazirligining veb sahifasida ham bor va telegramm sahifalarda ham bor.

1 yanvar holatiga ko‘ra, davlatning tashqi qarzi 15,6 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu qarz nafaqat davlatning to‘g‘ridan to‘g‘ri olayotgan qarzi, balki, shu bilan birga davlat tomonidan tashqi qarz uchun berilayotgan kafolatlarni ham o‘z ichiga oladi.

Endi, bu qarzning o‘sish sabablari nimalardan iborat? Mana Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlar, modernizatsiya, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish, yangidan yangi infrastruktura loyihalarini amalga oshirish tufayli hozirgi kunda mana shu loyihalarning asosiy qismi davlat tashqi qarzi orqali moliyalashtirilyapti.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, shu vaqtgacha olingan davlat qarzining 29 foizi energetika sohasiga ketgan, bu 4,5 millard AQSh dollarini tashkil qiladi.

Ikkinchisi, transport va transport infratuzilmasini yaxshilashga ketgan, ya'ni 2,1 milliard AQSh dollari, keyingisi qishloq xo‘jaligi sohalariga 1,9 millard AQSh dollar yo‘naltirilgan. Yana agar ro‘yxatni davom ettiradigan bo‘lsak, uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatishga 1,8 millard AShQ dollari shu vaqtgacha sarflandi. Bu nima? Bu asosan, suv, ichimlik suvi, kanalizatsiya, chekka chekka qishloq joylardagi hududlarda ahvolni yaxshilash, turmush tarzini yaxshilash kabi loyihalarga kreditlar olinyapti.