Uç oyoqli dastur barbod böldimi: Muhammad ibn Salmon qörqinçli tuş körmoqda
|14:00 / 26.04.2020110 78914 min
Jahon energiya bozoridagi beqarorlik, Covid-19 epidemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy qisqarişlar ortidan neft va hajdan keladigan daromadlar keskin pasayib ketgani Muhammad ibn Salmon tuzgan rejalarni çippakka çiqarmoqda.
Muhammad ibn Salmon Ol Saud/Foto: Erin Schaff/The New York TimesMuhammad ibn Salmon Ol Saud/Foto: Erin Schaff/The New York Times
Uç oyoqli dastur amalga oşadimi?
Yoş çoğidayoq podşohlikka nomzod sifatida körilgan, kelgusida Saudiya Arabistonining podşohi bölişi kutilayotgan valiahd şahzoda Muhammad ibn Salmon milliy va xalqaro kuçlarda öziga nisbatan işonç uyğotiş uçun ulkan muvaffaqiyatlarni qölga kiritişi kerak edi. U taxtga olib boruvçi yöl strategiyasini tuzar ekan, harbiy ğalabalar, iqtisodiy muvaffaqiyatlar va içki siyosiy islohotlardan taşkil topgan uç oyoqli dasturni işlab çiqdi. Zotan, harbiy, siyosiy va iqtisodiy sohalardagi yutuqlar Saudiya Arabistoni jamoatçiligini, xususan, yoşlarni hayajonga solişi, Muhammad ibn Salmonning çeksiz hokimiyatni qölga kiritişi uçun zamin hozirlaşi lozim edi.
Hali 30 yoşga kirib ulgurmay, siyosiy karerasiga şiddat bilan kirişib ketgan Muhammad ibn Salmon 2015 yilda Yamanga qarşi harbiy harakatlarni, 2016 yilda «Vizion 2030» va 2017 yilda «Mö'tadil Islom» loyihalarini e'lon qildi. Agar uşbu loyihalar muvaffaqiyatli amalga oşirilsa, harbiy sohada mamlakat ğalabaga erişgan, iqtisodiyot neftga qaramlikdan qutqarilgan, davlatga sadoqat kuç va pul bilan emas, milliy ong bilan ta'minlangan bölar edi.
Ammo sönggi beş yil uşbu maqsadlarga erişiş unçalik oson emasligini körsatdi. Bundan taşqari, uşbu yölda olib borilayotgan şafqatsiz va mojaroli siyosat Saudiya Arabistonini çuqur harbiy, iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz jari tomon yetaklab bormoqda. Ayniqsa, mart oyi boşida Muhammad ibn Salmonning Rossiya bilan boşlagan neft uruşi natijasida qora oltin narxining tarixiy qulaşi Saudiya Arabistoni iqtisodiyotiga oğir yuk bölib tuşiş barobarida davlatning eng muhim ittifoqçisi bölgan Amerika Qöşma Ştatlarining qariyb yuz yil davomida saudiyaliklarga saqlagan siyosiy qöllab-quvvatloviga ham barham berişi mumkin.
Harbiy muvaffaqiyat arab jamiyatida qirolga sodiqlikning muhim elementlaridan biridir. Saudlar davlat asosçisi qirol Abdulaziz ibn Sauddan keyin porloq harbiy ğalabaga erişa olgani yöq. Şu sababli, Abdulaziz ibn Saudning 1902 yilda Ar-Riyodni bosib olişi, Raşidiy amirligini fath etişi saudiyaliklarning sönggi yuz yillikda qölga kiritgan eng muhim va yagona harbiy ğalabasidir. Abdulaziz ibn Saud öz oilasi bilan Kuvaytda quvğinda bölgan payt otasi Abdurrahmon ibn Faysal ibn Turkiy Ol Sauddan ruxsat olmay, bu hujumni yaşirinça amalga oşirgandi. 27 yoşidayoq qozongan uşbu ulkan ğalabasi orqali u Saudiya ulamosi va sulola a'zolarining e'tirofiga sazovor bölgan, şu asno otasi tirikligidayoq ularning qöllab-quvvatlovi ostida Saudiya taxti sari yöl olgandi.
Mavzuga oid
Yaman – Saudiya Arabistoni ötgan asrda duç kelgan eng muhim milliy xavfsizlik tahdidlaridan biridir. Hatto davlat asosçisi Abdulaziz ibn Saud 1953 yilda vafot etayotgan çoğ bu tahlikaga işora qilib, avlodlariga «Yamanni zaif tuting», deb maslahat bergandi. Yaman tuğdirayotgan tahdidlar Saudiya Arabistoni hukmdorlarining köp asrlik boş oğriğidir. Bobosi Abdullaziz ibn Saud, hatto amakilari Faysal, Faxd va Abdulloh udda eta olmagan, mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida kuçli tahlika yaratgan Yaman muammosini hal qiliş – Muhammad ibn Salmonni xuddi Ar-Riyodni zabt etgan bobosi Abdulaziz ibn Saud singari milliy qahramonga aylantirişi mumkin edi.
Biroq Saudiya Arabistoni harbiy salohiyatini, xalqaro siyosiy tartibni va mintaqadagi raqiblarning harbiy imkoniyatlarini notöğri baholaş, milliy xavfsizlik masalalarini mamlakat içkarisidagi taxt kuraşi bilan qoriştirib yuboriş heç qanday muvaffaqiyatga olib kelmadi, aksinça, iqtisodiy manbalar yemirilişiga sabab böldi. Ayni paytda nafaqat islom olamida, balki xalqaro maydonda ham saudiyaliklarning obrösiga jiddiy putur yetkazdi. Muhammad ibn Salmon eng zamonaviy qurol-aslahalar bilan jihozlangan ikki yuz mingdan ortiq askar timsolida Saudiya Arabistoni harbiy salohiyatiga işongan edi. Ammo Yaman uruşi frontda ğalaba qozoniş uçun askarlar soni va qurol-yaroğdagi ustunlik zafar qozoniş uçun hali yetarli emasligini körsatib qöydi. Qolaversa, Muhammad ibn Salmon AQŞ va Ğarbdagi ittifoqdoş davlatlar xuddi ötmişdagi kabi Yaman uruşida ham qöllab-quvvatlaydi, deb yanglişdi. Ğarbdagilar unga bu uruşda istab-istamaygina çeklangan şaklda yordam körsatdi, xolos. Yaman kabi muhim milliy xavfsizlik masalasini taxt öyinlaridagi vositaga aylantiriş alaloqibat harbiy kuçning zaiflaşişiga sabab böldi. Çunki Yamanga qarşi uruş qarori qabul qilingan payt Saudiya Arabistoni harbiy imkoniyatlarining tayançi – milliy gvardiya qömondoni, Muhammad ibn Salmonning amakisi Mutib ibn Abdulla çet elda edi va uning bu boradagi fikri söralmagandi.
Yangi turdagi koronavirus bilan kuraşiş bahonasida ötgan hafta e'lon qilingan bir tomonlama sulh, aytiş mumkinki, Yamandan çiqib ketiş uçun taşlangan dastlabki qadamdir. Çunki uşbu uruşning befoydaligi, iqtisodiyotga ortiqça yuk ekani ança paytdan beri Saudiya jamoatçiligi va sulola doiralarida baralla muhokama qilib kelinmoqda. Şu bois ular öz milliy qadr-qimmatlariga zarar yetkazmagan holda Yamandan çiqiş yöllarini izlay boşladilar.
Neft narxlarining tarixiy qulaşi
Muhammad ibn Salmon iqtisodiyotning avvalboşdanoq neftga qaramligini, mamlakat siyosiy barqarorligi neft narxlariga ta'sirçan ekanini bilgani uçun ham davlatni qayta tuziş va bu orqali taxtga da'vo qilişni közladi. Şuning uçun, 2016 yil e'lon qilgan «Vizion 2030» dasturi uç jihatni öz içiga olganligini ta'kidladi: rivojlangan iqtisodiyot, intiluvçan millat va dinamik jamiyat.
AQŞda 2000-yillar boşlarida paydo bölgan «slanetsli gaz» inqilobi, aytiş mumkinki, global energiya bozorida Saudiya Arabistoni taxtini larzaga keltiruvçi jarayonni boşlab berdi. Köp yillar davomida siyosiy hokimiyatning eng muhim dastagi bölgan neft daromadlarining pasayişi va hatto söniş nuqtasiga yetib keliş ehtimoli, şubhasiz, Saudiya Arabistoni uçun dahşatli ssenariydir. Muhammad ibn Salmon ulkan energiya zaxirasi va neftning yuqori narxi tufayli yillar davomida jamğarilgan mablağlardan foydalanib, mamlakatda iqtisodiy özgarişlar yasaşga çoğlandi. Şu tarzda, u siyosiy negizning eng muhim tarkibiy qismi – iqtisodiy barqarorlikni ta'minlamoqçi böldi. Uning rejasiga köra, Saudiya Arabiston Yaqin Şarq mintaqasining iqtisodiy va moliyaviy markaziga aylanişi kerak edi.
Biroq AQŞ va Rossiya kabi gigantlarning global energiya bozorida ortib borayotgan roli va epidemiya şaroitida talabning keskin kamayib ketişi sönggi 10 yil içidagi neft narxlari pasayişining ikkinçi tölqiniga yöl oçdi. Birinçi tölqin 2014 yil iyunda yuz bergandi. Öşanda narx bir neça oy içida 110 dollardan ellik foizga pasayib, 50-60 dollargaça tuşib ketgandi. Bugun esa neft narxi 60 dollardan 12-20 dollargaça tuşib ketdi. Ötgan hafta OPEC+ davlatlari tomonidan imzolangan va may oyi boşida kuçga kiruvçi, miqdoriy jihatdan global energiya tarixidagi eng katta körsatkiç – 9,7 million barrellik neft qazib oliş qisqartirilişiga qaramay, narxlar sönggi qirq yilning eng past darajasida, ya'ni 20 dollar atrofida qolişda davom etdi.
Sönggi beş yil içida neft narxining sakson foizgaça pasayişi Saudiya budjetiga juda katta salbiy ta'sir körsatdi. Qolaversa, Yaman uruşi va «Arab bahori» davrida yuzaga kelgan inqilobiy tölqinni qaytariş saudiyaliklarning xarajatlarini köpaytirib yubordi. Neft zarbasi, ayniqsa, Covid-19 sabab bekor qilingan haj va umra vizalari mamlakatni neftdan keyingi eng muhim ikkinçi daromad manbayidan mahrum qildi. Ikki muqaddas şahar – Makka va Madinaning 1798 yilda Napoleonning Misrga bostirib kirganidan beri ilk marta ibodat uçun yopilişi nafaqat iqtisodiy yöqotişlarga, balki saudiyaliklarning islom olamiga da'vo qilgan mafkuraviy rahbarligiga ham ziyon yetkazdi.
ARAMCO muammolar girdobida
Foto: Ian Forsyth / Getty Images
Agar neft narxi hozirgi darajada saqlanib qolsa, Saudiya Arabistoni daromadlari 40 foizga kamayişi aniq. Olti oy oldin dunyodagi eng katta – 1,8 trln dollarlik ommaviy taklif operatsiyasini amalga oşirgan ARAMCO öz tarixidagi mislsiz yöqotişlarga duç keldi. Saudiya fond birjasining eng muhim kompaniyasi bölgan ARAMCO aksiyalarining qadrsizlanişi sönggi uç oy içida 25 foizdan oşdi. Kompaniyaning moliyaviy qiymati yuz milliardlab dollar yöqotib, 1,5 trln dollardan pasayib ketdi. Zotan, ötgan hafta Reuters naşrida «ARAMCO xalqaro moliyaçilar bilan 10 milliard dollar kredit oliş töğrisida muzokaralar olib boradi» sarlavhali xabar e'lon qilinişi ham dunyodagi eng qimmat kompaniyaning moliyaviy ahvoli haqida xulosa qiliş uçun yetarlidir. 2016 yilda e'lon qilingan «Vizion 2030» dasturida 30 foiz qilib belgilangan davlat qarzining çegarasi yaqinda 50 foizga kötarildi, tabiiyki, bu holat Saudiya Arabistonining kelajagiga «oyna tutmoqda».
2019 yil dekabr oyida e'lon qilingan 2020 yil uçun budjetda mamlakat tarixidagi eng katta budjet taqçilligidan kuzatilişi hisoblab çiqilgan edi. Bundan taşqari, uşbu budjet tayyorlanayotganda, neft narxi 60 dollar edi. Neft narxlarining tarixiy qulaşi uşbu budjet taqçilligini yanada oşirişi şubhasiz, albatta. Şuning uçun mart oyida Ar-Riyod ma'muriyati 2020 yil budjetini beş foizga, davlat xarajatlarini 13,2 milliard dollarga, xarajatlarni esa 20 foizga qisqartiriş uçun favqulodda rejalar tayyorlayotganini e'lon qildi. Töğri, neft narxlari keskin pasayib ketişi ortidan iqtisodi inqirozga uçragan davlat faqatgina Saudiya Arabistoni emas. Zotan, Birlaşgan Arab Amirliklari ma'muriyati ham yuzaga kelgan moliyaviy inqirozni bartaraf etiş uçun 7 milliard dollar qarz olişga majbur böldi.
AQŞning qöllab-quvvatlovi qisqarib boradi
Foto: REUTERS/Kevin Lamarque
Sönggi 10 yil içida global energiya bozorida sodir bölgan tub özgarişlar va Covid-19 jarayonidagi iqtisodiy pasayiş tufayli neft va ziyorat turizmi daromadlarining keskin kamayişi bundan tört yil oldin Muhammad ibn Salmon rejalaştirgan iqtisodiy muvaffaqiyatni çippakka çiqarmoqda. Haddan taşqari optimistik muhitda rejalaştirilgan va Saudiya budjetiga oğir yuk bölib tuşgan Yaman uruşi va butun Yaqin Şarq mintaqasida olib borilgan aksilinqilobiy siyosat muvaffaqiyat keltirmadi.
2015 yilda Salmon ibn Abdulaziz taxtga ötirganida 732 milliard dollarni taşkil etgan davlat zaxirasi tört yil içida olib borilgan mojaroli siyosat tufayli 239 milliard dollarga kamaydi va 499 milliard dollarga tuşib qoldi. Közlangan maqsadlarga erişiş uçun olib borilgan tajovuzkor taşqi siyosat saudiyaliklarning islom dunyosidagi va xalqaro maydondagi obrösiga jiddiy zarar yetkazdi.
Ötgan hafta işlab çiqarişni qisqartiriş böyiça kelişuvga erişilganiga qaramay, narxlar kutilgan darajada bölmagani kun tartibiga yangi qisqartirişlarni olib çiqadi. Ayniqsa, fyuçers bozorlarida neft sotila boşlangan 1983 yildan beri kuzatilgan eng yomon kun – 20 aprel bozorda mahsulotlarning köpligi, ortiqça zaxira töplanib qolgani AQŞ neftining minusga (-40 dollar) tuşişiga sabab böldi. Hisob-kitoblarga köra, agar AQŞ neftining narxi 20 dollarni taşkil qilsa, 533ta; 10 dollarni taşkil qilsa, 1100dan ortiq AQŞ neft kompaniyalari 2021 yil oxiriga qadar bankrotlik e'lon qilişga majbur böladi. Covid-19 jarayonida işsizlik darajasi oşişi bilan kuraşayotgan AQŞ iqtisodiyoti uçun bu zarbani kötariş oson bölmasligi aniq.
Yaqinlaşib kelayotgan prezidentlik saylovlari Donald Tramp ma'muriyatiga bosim ötkazayotgani, qolaversa, energiya bozoridagi beqaror vaziyat Vaşingtonning Muhammad ibn Salmonga nisbatan munosabatini ham özgartiradi. Mart oyi boşidagi OPEC+ sammitida neft uruşini boşlanişiga valiahd şahzoda sababçi bölgani ham uning ma'muriyatiga nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy yuk tuşişini anglatadi. AQŞ iqtisodiyoti uçun neftdagi arzon narxlarning fakturasi oğirlaşgani sayin, Muhammad ibn Salmonning AQŞ işbilarmon va siyosiy doiralaridagi qöllab-quvvatlovi qisqarib boradi. Çunki hozirdanoq AQŞ matbuotida Muhammad ibn Salmonning AQŞ neft sanoatini yöq qilişga qaratilgan siyosati haqida yozila boşlandi.
Böşliqlar yuzaga kelişi mumkin
Saudiya Arabistonidagi sönggi voqealar mamlakat içki siyosatida ham, mintaqaviy miqyosda ham muhim ahamiyatga ega. Mamlakatning içki siyosatida puturdan ketayotgan hokimiyat uçun kuraşlar ham Muhammad ibn Salmonning qölini qisqa qilib qöyişi ehtimoli yuqori. Uşbu jarayonda valiahd şahzodaning raqiblar va muxolifatga nisbatan yanada şafqatsiz siyosat olib borişini taxmin qiliş mumkin. Bu örinda Covid-19 jarayoni tufayli vujudga kelgan global iqtisodiy inqiroz va noyabr oyida AQŞda bölib ötadigan prezidentlik saylovlari natijalari ham valiahd şahzodaning siyosiy martabasi uçun muhim ahamiyatga ega. Neft narxlari qulagan hozirgi salbiy muhitda Muhammad ibn Salmonga Vaşington tomonidan berilayotgan yordam ham sezilarli darajada kamayadi. Ayni paytda ham iqtisodiy va siyosiy jihatdan zaiflaşgan şahzodaning içki raqiblari bu jarayonda yangi taşabbuslarni amalga oşirişlari mumkin.
Ustiga ustak, mintaqaviy miqyosda harbiy imkoniyatlarning zaifligi va iqtisodiy qiyinçiliklar mamlakat ötmişining zaif nuqtalari – Fors körfazi, Qizil dengiz va Örta Yer dengizi şarqida böşliqlarni yuzaga keltirişi mumkin. Saudiyaliklar uşbu mintaqalardagi öz ittifoqçilariga moliyaviy yordam körsatişda qiynalişlari aniq.