Texnika – dehqonning qanoti. Bu naql bejizga aytilmagan. Ayniqsa bugungi pandemiya sharoitida, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida ham qishloq xo‘jaligida ish qizg‘in, buning uchun esa albatta texnika zarur. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, bir qarich yerni ham uvol qilmasdan foydalanish, ekin ekish, hosil olish borasida qator qaror va farmonlar imzolanmoqda. Albatta bularning barchasi pandemiya ortidan keluvchi iqtisodiy inqiroz davrida mamlakatimiz aholisini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishmasligini oldini olishga qaratilgan.
Ish unumdorligini oshirish, tez va sifatli agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi texnikalari suv va havodek zarur. Qo‘l mehnati yordamida ko‘p vaqt talab etiladigan ishlarni, texnika yordamida bir necha soatlarda amalga oshirish mumkin.


Yurtimizda uzoq yillardan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan «O‘zagrolizing» aksiyadorlik jamiyati so‘nggi bir yil davomida qator ijobiy o‘zgarishlar qilishga ulgurdi. Texnikalar haridi uchun shartnoma tuzishdan boshlab to uni yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlar yangi bosqichga olib chiqildi. Avvalgidek, kutishlar, texnikani olib ketish uchun uzoqdan yo‘l bosib kelishga barham berildi va bu orqali mijozlarga keng imkoniyatlar yaratildi hamda korrupsion holatlarga chek qo‘yildi.
2019 yilning II-choragidan boshlab, texnika xaridi va yetkazib berish bo‘yicha qator yangi mexanizmlar joriy etildi.
- Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida, barcha turdagi texnikalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududiy filiallarga markazlashgan holda yetkazish. Bu orqali mijozlarning vaqtini tejashga erishildi;
- Viloyat filiallari hududida ko‘rgazmalar tashkil etildi va texnikalarni tumanlargacha yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Texnikalarni xarid qilmoqchi bo‘lgan mijozlar hududiy filiallarga tashrif buyurib, ko‘rgazma shaklida tashkil etilgan texnikalar bilan tanishish va shu joyning o‘zida shartnoma imzolash imkoniyati yaratildi;
- Viloyatlarga eltuvchi katta yo‘llarda maxsus qishloq xo‘jaligi texnikalari ko‘rgazmalari tashkil etildi.



















