Prezidentning “Respublika aholisi o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, mamlakatda ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini muntazam o‘tkazish orqali aholini jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga jalb etish, jismoniy tarbiyalash, sog‘lomlashtirish, kamol toptirish yuzasidan aholining barcha qatlamlari o‘rtasida 2021 yildan boshlab har yili “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi.
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini tashkil etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilanadi:
yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholining sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish, immunitetini mustahkamlash, salomatligini ta'minlash hamda sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish;
havaskor va professional darajada sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini oshirish orqali joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof tizimini yaratish hamda sport terma jamoalari tarkibini sifatli to‘ldirish, shuningdek ularning zaxirasini shakllantirish va yuqori malakali sportchilarni bosqichma-bosqich tayyorlash tizimini tatbiq etish;
yosh avlodni jismonan va ruhan sog‘lom, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni kelajagimizning munosib vorislari etib voyaga yetkazish, yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan intellektual salohiyati yuqori bo‘lishini ta'minlash hamda Vatan mudofaasiga munosib zaxira kadrlar tayyorlash;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda barcha vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlarining aholi salomatligini ta'minlash borasidagi mas'uliyati va rolini yanada oshirish hamda faoliyatini baholash tizimini joriy etish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashiga, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining joylarda o‘tkazilishining respublika miqyosida nazoratini olib borish vakolati beriladi.
Bunda, Milliy kengashning asosiy vazifalariga qo‘shimcha ravishda, vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlarining belgilanadigan davriylik asosida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari muntazam o‘tkazib borilishi va faol ishtirok etilishini ta'minlash, ularga zaruriy shart-sharoitlar yaratish, sport sinovlarini o‘tkazish muddatlarini belgilash, aholi va yoshlar o‘rtasida bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini har chorakda muhokama etib borish belgilanadi.

















