AQShning Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari sifati bo‘yicha sanitariya nazorati boshqarmasi (Food and Drug Administration — FDA) o‘z vaqtida Ebolani davolashda qo‘llangan remdesivir preparatidan koronavirusga qarshi foydalanishga rasman tavsiya qildi.

Bu qaror shoshilinch chora sifatida qabul qilindi, endi remdesivir Amerika shifoxonalarida og‘ir bemorlarni davolashda qo‘llanishi mumkin. «Bu Covid-19 uchun tavsiya etilgan ilk terapiyadir. Biz bunda ishtirok etishdan faxrdamiz», degan FDA rahbari Stiven Xon.

Shu haftada AQShda remdesivirning klinik sinovining ilk natijalari e'lon qilingandi va unga ko‘ra ushbu preparat koronavirusga qarshi kurashda samarali ekani, u tuzalish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirishi tasdiqlangandi. AQSh allergiya va infeksion kasalliklar Milliy instituti (NIAID) bu borada maxsus bayonot berdi.

Shu bilan birga, FDA’ning hozirgi qarori favqulodda holatlar uchun qabul qilingan, preparat to‘liq foydalanishi ma'qullanishi uchun ko‘p vaqt talab etiladi.

Ekspertlar remdesivirni koronavirus davosi deb hisoblash kerak emasligini, avvalroq o‘tkazilgan bir necha tadqiqot uning samaradorligini tasdiqlamaganini aytishmoqda.

Xususan, 29 aprel kuni Lancet jurnali Xitoyda o‘tkazilgan sinovlar natijalarini e'lon qildi, unga ko‘ra preparat  Covid-19ni davolashda samarali emasligi ma'lum bo‘lgan. Shu bilan birgalikda, xitoyliklar AQShdagidan ko‘ra ancha kamroq bemorlarda tadqiqot o‘tkazishgan.

Bundan tashqari, klinik sinovlar ushbu preparat sog‘ayishni tezlashtirishni ko‘rsatgan bo‘lsada, ular o‘lim holatlarining oldini olishga ojiz.

AQSh biofarmatsevtik kompaniyasi Gilead Sciences rahbari Deniyel O'Dey AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvda o‘z kompaniyasi dorining 1,5 millionta dozasini tekinga yetkazib berishini va'da qilgan.

AQSh koronavirusdan hammadan ko‘proq zarar ko‘rgan davlatdir. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, bu davlatda virusdan zararlanganlar soni, 1,14 milliondan oshdi, 66,6 mingdan ortiq bemor vafot etdi.