1-qism: Toshqin oqibatida mol-mulkidan ayrilgan sirdaryoliklarning zarari qoplab beriladimi?

– Sug‘urtaning afzalliklari haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lmagan odamlarga tushunarli bo‘lishi uchun sodda tilda tushuntirib bersangiz. Deylik, 2000 yilda qurilgan 5 xonali uyi bor. Fuqaro shu uyini 500 ming so‘mga sug‘urta qildirdi. Shu uy suv ostida qoldi, uy uchun qancha kompensatsiya olishi mumkin?

Akramjon Sharobiddinov – «KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ sug‘urta bo‘yicha direktori:

– Uyni sug‘urta qilishda avvalo uyning qiymatidan kelib chiqiladi. Aytaylik, 100 mln so‘mga uyini sug‘urta qildirdi. Tabiiy ofat natijasida uy batamom zararlansa, qancha miqdorda sug‘urta qilingan bo‘lsa, ya'ni sug‘urta kompaniyasi olgan javobgarlik 100 mln so‘m bo‘lsa, 100 mln so‘m to‘laligicha qoplab beriladi.

Ofat bo‘lganda uy qisman zararlansa, deylik, 5 xonali uyning faqat 2 xonasi zararlansa, shu ikki xonani tiklash uchun ketadigan xarajatlar mustaqil baholovchi tomonidan baholab beriladi. Kompaniya mustaqil baholovchi belgilagan summani mijozga to‘lab beradi.

Ko‘pchilik so‘raydi: sug‘urta kompaniyasi g‘ishti yoki ohagini qilib beradi, xolosmi? Yo‘q, qurish uchun ketadigan usta va boshqa xarajatlari ham qo‘shilib, umumiy summa qoplab beriladi.

Tabiiy ofatlarda juda ham ko‘p ekin maydonlariga zarar yetyapti. Bu ekin maydonlari bo‘yicha ham yetkazilgan zarar qoplab beriladi.

Transport vositalari, chorva mollari, hayvonlar sug‘urtalangan bo‘lsa, ular ham zarar ko‘rganda sug‘urta summasi bo‘yicha zarar qoplab beriladi.

– Deylik, fuqaro 100 mln so‘m qiymatidagi uyni sug‘urta qilgan. Ammo uy sug‘urtasi uchun 100 mln so‘m to‘lamaydi-ku?

Umida Qosimova – «Gross Insurance» MChJ sug‘urta to‘lovlari markazi direktori:

– Mijozlar uyini sug‘urta qilayotganda bazaviy tarif bo‘ladi. U 0,2 foizdan 0,1 foizgachani tashkil qiladi. Sug‘urta qildirayotganida uy narxidan kelib chiqib, 0,1 foiz hisoblab, bizga sug‘urta mukofotini to‘lab beradi. Biz bundan 100 baravar ko‘piga javobgarlikni olamiz.