Vazirlar Mahkamasining “Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha Milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Milliy dastur O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Monreal protokoli hamda ushbu protokolga kiritilgan London, Kopengagen, Monreal va Pekin tuzatishlari doirasida qabul qilingan barcha majburiyatlarni ijro etilishini o‘z ichiga qamrab oladi.
Milliy dasturda ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni import va eksport qilishni litsenziyalash va tartibga solishning global tizimini yaratish, metilbromid ishlab chiqarishni to‘xtatish jadvaliga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, GXFU iste'moli yangi darajasini belgilash, ushbu tuzatishlarni ratifikatsiya qilmagan davlatlar bilan har qanday ozon qatlamini yemiruvchi moddalar savdosini taqiqlash nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Milliy dasturda GXFU, xlorftoruglerod (XFU) va galon ishlab chiqarishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, bromxlormetanni ishlab chiqarish va iste'mol qilishga cheklovlar hisobga olingan.
Milliy dastur o‘tgan davr mobaynida xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida ozon qatlamini yemiruvchi moddalardan foydalanish, davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ozon qatlamini yemiruvchi moddalardan foydalanishni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, Milliy dastur tashkiliy va strategik chora-tadbirlar, ozon qatlamini yemiruvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha respublika tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatlarning bajarilishini normativ tartibga solish va ozon qatlamiga salbiy ta'sir etmaydigan “toza” texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tish hamda yuqori global isish salohiyatiga ega gidroftoruglerodlar (GFU) iste'molidan voz kechish bilan bog‘liq masalalarni o‘z ichiga olgan.
Milliy dastur O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Vena konvensiyasi va Monreal protokoli va unga kiritilgan tuzatishlardagi majburiyatlarining bajarilishini ta'minlash, hamda texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha GEJ talablariga muvofiq xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan.
Milliy dastur ozon qatlami yemirilishini to‘xtatishdan atrof muhitning yaxshilanishi, ozonga zarar yetkazmaydigan texnologiyalarga o‘tishning iqtisodiy foydalari, shuningdek, issiqxona effektiga ega bo‘lgan GFU iste'molini bosqichma-bosqich qisqartirishni hisobga oladi. Dastur har bir guruh uchun OBM iste'moldan chiqarish jadvali strategik yo‘nalishini belgilaydi.














