Xabar qilinishicha, 6 may kuni Turkiston viloyatining Maqtaaral tumanidagi suv ostida qolgan hududga Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar rahbarligidagi hukumat komissiyasi a'zolari tashrif buyurgan.
Komissiya a'zolari suv toshqini yuz bergan hududlarni havodan ko‘zdan kechirgan. Bunda ularga Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyev va o‘zbekistonlik hamkasblar ham hamrohlik qilgan.

Shundan so‘ng komissiya Orgebas va Firdavsiy qishloqlariga yo‘l olgan.
«Bir vaqtning o‘zida Maqtaaral tumaniga O‘zbekistondan 100dan ortiq maxsus texnika (zanjirli va g‘ildirakli traktorlar, motopompa bilan jihozlangan o‘t o‘chirish mashinalari) va 200dan ortiq gidrotexnika mutaxassislari yetib keldi», – deyiladi xabarda.
Qozoq hukumati komissiyasi suv ostida qolgan qishloqlardagi vaziyat bilan tanishgach, bosh vazir o‘rinbosari Roman Sklyar va viloyat hokimi Umrzoq Shukeyev suv toshqinidan jabrlangan aholi bilan uchrashgan.

Uchrashuvda oqsoqollar bergan takliflar eshitilgan, so‘ng komissiya Mirzakentga yo‘l olib, shtab yig‘ilishini o‘tkazgan.
«Turkiston viloyati rahbari taklifiga ko‘ra, suv ostida qolgan har bir qishloq aholisiga 100 ming tenge ($240ga yaqin) kompensatsiya to‘lash haqida qaror qabul qilindi.
Mirzakent yaqinida yangi mikrorayon barpo qilinadigan bo‘ldi. U yerga Do‘stiq, Janaturmis va Jyenis qishloqlari aholisi ko‘chiriladi. Mikrorayon barcha kommunikatsiya vositalariga ulanadi, bolalar bog‘chasi va maktab quriladi», – deyiladi Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Orgebas va Firdavsiy qishloqlari aholisiga turar joy muammosini hal qilish uchun uchta variant taklif qilinadi:
















