Prezidentning davlat mulki obektlaridan oqilona foydalanishga doir qarorlari va Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlariga mas'ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino-inshootlar va yer uchastkalarini ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish, shu jumladan ularni hokimliklar balansiga olish va keyinchalik investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar asosida tadbirkorlik sub'yektlariga realizatsiya qilish topshirilgan.

Shunga ko‘ra, 2020 yil 19 fevral kuni o‘tkazilgan davlat onlayn auksion savdolarida «Kavsar madad» xususiy korxonasi g‘olib chiqib, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, «Iskandar» MFY hududida joylashgan Bo‘stonliq tuman hokimligi balansidagi «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasining qurilish osti maydoni 952.2 kv.m bo‘lgan bino inshootlarini 3,7 ga umumiy yer maydonlari bilan birga sotib olgan.

Surxondaryolik tadbirkor mulk uchun belgilangan 352 mln so‘m miqdoridagi to‘lovlarini muddatidan oldin davlat budjetiga o‘tkazgan. Bundan tashqari, 3 yil ichida amalga oshirish sharti bilan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyat, jumladan 1,5 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish, kamida 120ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyatini olgan.

Mazkur majburiyatlarga muvofiq tashlandiq holda yotgan obektni rekonstruksiya qilish maqsadida loyiha va qurilish materiallari uchun qo‘shimcha 209 mln so‘m xarajat qilingan. Bunga ishchi xodimlarning oylik ish haqlari hamda ovqatlanish xarajatlari qo‘shilmagan.

Shuningdek, umumiy qiymati 915 ming AQSh dollariga teng bo‘yoq, profil va quvur ishlab chiqarish sexlari qurilishi uchun zamonaviy texnologiyalarni xarid qilish maqsadida tuzilgan shartnomalar doirasida xitoylik hamkorlarga 274,5 ming AQSh dollarini o‘tkazilgan.

Lekin, «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ 2020 yil 12 mart kuni Bo‘stonliq tuman ma'muriy sudiga Bo‘stonliq tumani hokimligining harakatlarini g‘ayriqonuniy va qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida shikoyat kiritgan. Obektga qo‘yilgan taqiq oqibatida rekonstruksiya va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ishlari to‘xtatilgan.