Bugun mamlakatda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi keng nishonlanmoqda, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtda o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarida ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari 9 may kuni ushbu shonli sana munosabati bilan barpo etilgan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi.




O‘zbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushida g‘alabani ta'minlashga ulkan hissa qo‘shgan. Lekin bu jasoratni bor ko‘lami bilan ko‘rsatib beradigan yaxlit majmua yo‘q edi. O‘tgan yili prezident ulkan bog‘ barpo etib, xalqimiz qahramonligini abadiylashtirish tashabbusini ilgari surgan edi.
Shundan so‘ng, ilmiy-ijodiy jamoatchilikning takliflari, xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida badiiy-me'moriy konsepsiya ishlab chiqildi. Davlat rahbari bu boradagi loyihalar bilan bir necha bor tanishdi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 12 gektardan ziyod joy ajratilib, ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
G‘alaba bog‘i har biri alohida mavzuga ega bo‘lgan ikki qismdan iborat. Birinchisida o‘zbekistonliklarning janglardagi ishtirokidan lavhalar, ikkinchisida front ortidagi respublikamiz hayoti aks etgan.
Prezident dastlab «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.



Bu yodgorlik qandaydir badiiy obraz emas, unga hayotda bo‘lgan voqea – mo‘tabar ona va uning oilasi to‘g‘risidagi haqiqat asos qilib olingan.


















