Samarqand shahrida 13 may kuni soat 06:00dan boshlab yana karantin choralari kuchaytiriladi. Bu haqda Samarqand shahri hokimi, shahar prokurori va shahar IIB boshlig‘i ishtirokida o‘tkazilgan onlayn brifingda xabar qilindi.

Boburmirzo Obloqulov (markazda).
Foto: Samarqand shahar hokimligi matbuot xizmati

«Samarqand shahri epidemiologik nuqtai nazaridan „qizil“ hududga kirgan. Oxirgi vaqtlarda karantin qoidalarining bir oz yumshatilishi ayrim fuqarolarimiz tomonidan suiiste'mol qilinmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, koronavirusning tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu maqsada viloyat epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining 12 may kungi qaroriga ko‘ra, Samarqand shahrida karantin qoidalariga amal qilish kuchaytiriladi», deya ma'lum qildi shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov.

Xususan, ertalab soat 07:00dan 10:00gacha hamda kechki soat 17:00dan 20:00gacha bo‘lgan vaqtda avtotransport vositalari erkin harakatlanishi cheklanadi.

Faqat oziq-ovqat savdo do‘konlari, dorixonalar va dehqon bozorlari faoliyatiga ruxsat beriladi.

Bundan boshqa barcha xizmat turlari cheklanadi:

  • oziq-ovqat savdo do‘konlari, dorixona va dehqon bozorlariga kirishda har bir kishining tana harorati o‘lchanadi. Bozor yoki savdo majmuasiga kirayotganda dezinfeksiya vositalari bilan ishlov beriladi;
  • shaharga kirishda o‘rnatilgan 25ta blokpostlar faoliyati kuchaytiriladi. Shaharga maqsadsiz kirish va shahar ichida maqsadsiz, stikerlarsiz harakatlanish cheklanadi;
  • shahardagi viloyat va shahar tashkilotlarida karantin qoidalariga qat'iy amal qilinishi nazorat qilinadi va bunda boshqarma va tashkilot rahbarlarining shaxsiy mas'uliyati oshiriladi. Karantin qoidalariga amal qilmagan tashkilot rahbarini O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan ma'muriy javobgarlikka tortilishi masalasi huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ko‘rib chiqiladi;
  • mulkchilik shaklidan qat'i nazar boshqarma, tashkilot va muassasalarga begona shaxslar kiritilmaydi. Har bir tashkilotning kirish eshigida doimiy navbatchilik tashkil etiladi. Shuningdek, har bir tashkilot xodimlari korxonaga kirishida tana harorati o‘lchanib, dezinfeksiya qilinadi.