Mamlakat bosh prokurori Uilyam Barr 18 may kuni Apple avtoritar tuzumdagi Xitoy va Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlik qilishini ma'lum qildi. Shuningdek, prokuror avtoritar tuzumlar bilan hamkorlik qilayotgan Apple o‘zi joylashgan AQShga yordam berishni istamayotganini aytdi.

Butun boshli mamlakatlarning xavfsizlik xizmatlari buzib kirolmaydigan darajadagi himoya tizimiga ega iPhone foydalanuvchilari bu holatda ikkilanib qolishdi. Ular bir tomondan hatto MRB apparatlarini buzib kirolmasligidan xursand bo‘lishsa, boshqa tomondan AQSh bosh prokurorining Apple Rossiya va Xitoyga ishlashini aytgani bu mamlakatlar va ularning ta'siridagi boshqa hududdagi odamlarni xavotirga solgan bo‘lishi tayin. Axir inson uchun eng asosiy huquqlardan biri daxlsizlik, shunday emasmi?

Xullas, barchasi o‘tgan yil 6 dekabr kuni AQShda sodir etilgan teraktning tergov jarayonida boshlandi. Floridadagi harbiy dengiz kuchlariga tegishli bazada otishma keltirib chiqargan jinoyatchi voqea joyida otib o‘ldiriladi. Oqibatda kalavaning uchini topish qiyinlashib ketadi. Tabiiyki, uning telefoni orqali nimagadir erishish mumkin edi, lekin AQSh maxsus xizmatlari terrorchiga tegishli iPhone’ni «buzib kirib», undagi ma'lumotlarni olisholmaydi. Telefonni ochib berish so‘rovi bilan Apple’ga murojaat qilinib, rad javobi olinadi.

Uilyam Barr
© AP Photo / Patrick Semansky

«Apple Xitoy Kommunistik partiyasi, shuningdek, Rossiya rejimi bilan hamkorlik qiladi. Bu davlatlarda ma'lumotlarni qayta ishlash markazlarini joylashtirib, ularga odamlar ustida ommaviy nazorat o‘rnatishga yordam beradi.

Ma'lum bo‘lishicha, Apple demokratiya tarafdorlari foydalangan funksiyalarni o‘chirish orqali senzura va inson huquqlari toptalishiga sabab bo‘lgan. Avtoritar tuzumlar bilan hamkorlik qilayotgan Apple kabi kompaniyalar qonun ustuvor bo‘lgan, insonlarning erkinligi ta'minlangan, daxlsizlik huquqi bo‘lgan va sud kafolati mavjud davlatlar bilan (tabiiyki AQSh nazarda tutilmoqda) ishlamaslik uchun bahona qidirmasligi kerak», degan AQSh bosh prokurori.

Mojaro qanday keskinlashdi?

Apple ko‘p yillardan buyon AQSh hukumati bilan hamkorlik qilishni va iPhone’larni buzib kiruvchi dasturni taqdim etishni rad etib keladi. Balki shuning uchundir AQShda sodir etilgan juda ko‘p terakt ishtirokchilari aynan iPhone ishlatishgan. Foydalanuvchilar xavfsizligi uchun butun boshli AQSh hukumatining so‘rovini «bezbetlarcha» rad eta olishi Apple’ning xavfsizlikni afzal ko‘ruvchi odamlar orasida obro‘si va savdosi oshishiga olib kelmoqda.