Jamiyat | 08:13 / 23.05.2020
4616
2 daqiqa o‘qiladi

Turizm qo‘mitasi turfirmalarga jarima to‘lamaslik uchun «fors-major» rejimidan foydalanishni tavsiya qildi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi pandemiya sababli turistlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni bajara olmaslik holatlarida turistik firmalarga nisbatan jarima qo‘llash to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi bo‘yicha izoh berdi.

Qayd etilishicha, pandemiya sababli turizm faoliyati sub'yektlari tomonidan tuzilgan shartnomalarga muvofiq, tur (sayohat) tashkil etish imkoniyati bo‘lmagan vaziyatda shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilishini kechiktirish, shartnomani bekor qilish, jarima qo‘llash masalalari turfirma va turist (buyurtmachi) o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq hal etiladi. 

“Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5969-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasiga cheklovlar amal qiladigan davr uchun yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari kelib chiqqanligi haqida rasmiy xabarnoma e'lon qilish hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning murojaatlari asosida bir kunlik muddatda tegishli sertifikatlar berish vazifasi yuklatilgan. 

Shu munosabat bilan, amaldagi vaziyat to‘g‘risida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining COVID-19 bo‘yicha rasmiy bayonotiga ko‘ra, shartnoma bo‘yicha taraflarga xabarnoma taqdim qilish, shartnomani bajarishda kechikishlar yuzaga kelganda tashkil etilishi lozim bo‘lgan tur (sayohat)ning vaqtini boshqa muddatga ko‘chirish yuzasidan muzokaralar yo‘li bilan hal etish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqdir”, - deyiladi qo‘mita ma'lumotida.

Mavzuga oid