«Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinganidan buyon oradan qariyb o‘ttiz bir yil o‘tdi. Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida xorijzabonlarga o‘zbek tilini o‘rgatish uchun mo‘ljallangan nechta qo‘llanma va lug‘at yaratildi? O‘zbek tili grammatikasini soddalashtirish va optimallashtirish, tilimiz nufuzini oshirish va uni targ‘ib qilish borasida aytishga arzigulik qanday ishlar amalga oshirildi? Mamlakatimizdagi til bilan bog‘liq real vaziyatni xolis, chuqur va professional tarzda tahlil qilib beradigan, muammolarga yechim ko‘rsata oladigan qanday ilmiy tadqiqotlar o‘tkazildi? Bisotimizda o‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan xorijlik do‘stlarimizning qo‘liga tutqizgulik biror sifatli adabiyot yoki kontent-resursimiz bormi?

Tan olaylik, bugun bu kabi savollarga javob berish oson emas. Chunki, aslida, nihoyatda muhim bo‘lgan bu masalalarga yillar davomida yetarlicha e’tibor qaratilmadi. «O‘zbek tili – o‘zbeklar uchun», «Xorijliklarda o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj va xohish yo‘q» degan turli vaj-korsonlar bilan o‘zimizni aldab, chalg‘itib keldik. Farzandlarimizni esa rus maktablariga berishga odatlandik.

Ustiga ustak, darsliklarimiz saviyasi va ona tili fanini o‘qitish sifat darajasi ham achinarli ahvolga tushib qoldi. Natijada bitta arizani eplab yoza olmaydigan, tili vulgarizm bilan bulg‘angan, nutqi qashshoq yoshlar qarshimizda qanday paydo bo‘lganini sezib-sezmay ham qoldik.  

Aytish joizki, bu muammolar barchamizning og‘riqli nuqtamizdir. Mana shunday bir sharoitda ham o‘zbek tiliga mehr qo‘ya olgan, tilimizda biz bilan tengma-teng muloqot qila oladigan xorijlik do‘stlarimizning soni tobora ortib borayotgani quvonarli hol, albatta. Zotan, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, RhD Beruniy Alimov e’tirof etgan – o‘zbek tilida bulbuldek sayraydigan amerikalik ayol Mariya, tilimizda bemalol intervyu bera olgan finlyandiyalik yigit Binyamin Patkenan va o‘zbek tilida biyron so‘zlovchi bir qator xorijlik diplomatlar paydo bo‘layotgani hali imkoniyat o‘z qo‘limizda ekaniga, vaqtni boy bermay, tilimiz rivoji va mavqesi uchun astoydil harakat qilishimiz kerakligiga undamoqda.

Albatta, bu yo‘ldagi dastlabki muhim qadam xorijzabonlar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi sifatli qo‘llanmalar yaratishdir.

Keling, dastavval bu yo‘nalishda ayni paytga qadar yaratilgan ayrim qo‘llanma-darsliklar, lug‘atlar va videomateriallar haqida to‘xtalib o‘tsak. Tilshunos va bloger Shahnoza Soatova o‘zbek tilini o‘rganish uchun bepul resurslar ro‘yxatini