Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi 437-son qarori bilan respublikada davlat tilida iş yuritişni samarali taşkil etiş böyiça qöşimça çora-tadbirlar belgilandi. Hujjat prezidentning 2025-yil 20 oktyabrdagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlaşga qaratilgan.
Qarorda respublika darajasidagi davlat organlari va xöjalik birlaşmalarining markaziy apparatlari, Qoraqalpoğiston Respublikasi Vazirlar Kengaşi, viloyatlar, Toşkent şahri hamda tuman va şahar hokimliklarida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari böyiça maslahatçisi lavozimi joriy etilgani qayd etilgan.
Maslahatçilar faoliyatini Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantiriş departamenti muvofiqlaştiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi. Maslahatçi Departament bilan kelişilgan holda tegişli davlat organi yoki taşkiloti rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi. Ular öz rahbari hamda Departamentga hisobdor böladi.
Maslahatçilarning asosiy vazifalari qatoriga davlat tili, geografik ob’yektlar va ma’naviy-ma’rifiy sohaga oid qonunçilik hujjatlariga rioya etilişini ta’minlaş kiritildi. Şuningdek, ular davlat tili qoida va me’yorlariga amal qilinişi hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan ötkaziş çoralarini köradi.
Qarorga muvofiq, davlat organlari va taşkilotlarida davlat tili töğrisidagi qonunçilik talablariga rioya etilişi, jumladan, hujjatlarning davlat tilida yuritilişi uçun taşkilot rahbarlari mas’ul va şaxsan javobgar hisoblanadi.












