O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti 2017 yilning may oyida sobiq “Manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi” negizida tashkil etilgandi.

Xo‘sh, o‘tgan uch yil davomida nimalar qilindi? Qanday natijalarga erishildi, qanday loyihalar amalga oshirildi, qanday muammolar bor? Tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan mazkur soha haqida qanchalik tasavvurga egamiz? O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

– Har bir sohaning rivojlanishida eng asosiy omillardan biri shubhasiz, kadrlarning ilmiy salohiyatidir, – deydi Abdushukur Hamzayev. – Shuning barobarida, jamoaga yosh olimlarni jalb etish, yangicha fikrlovchi, yondashuvchi yoshlarning o‘z o‘rni bor, albatta. Aytish mumkinki, biz bu ikki tamoyilga alohida e'tibor qaratyapmiz.

Masalan, o‘tgan 25 yil davomida institutda yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishlari uchun deyarli sharoit bo‘lmagan. Ular e'tibordan chetda qolganligi sababli, ko‘pchilik yosh doktorant tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlarini oxirigacha yetkazmasdan, tashlab ketishgan. Natijada, nihoyatda muhim bo‘lgan o‘rmonchilik sohasida birorta ham dissertatsiya himoya qilinmagan.

2017-2018 yillarda ushbu yoshlarni ilmga qayta jalb qilish, ish bilan ta'minlash va doktorantura bo‘limiga kvotalar sonini oshirish, shuningdek, ularning ilmiy-tadqiqotlari bilan shug‘ullanishida qo‘shimcha sharoit yaratildi. Shu sababli 2018 yilda sohada ilk bora bir nafar fan doktori (DSc), 5 nafar falsafa doktori (PhD), 2019 yilda 4 nafar tadqiqotchilarning falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi bo‘yicha dissertatsiya himoya qilindi.

Sakkiz nafar ilmiy xodimlar professor va katta ilmiy xodim unvoniga ega bo‘lishdi. Buning natijasida ilmiy darajali xodimlar soni 14 nafarga oshib, 2017 yilga nisbatan 21 foizga, ilmiy salohiyat esa 18 foizdan 47 foizga oshirildi. Olimlarning o‘rtacha yoshi 2015-2017 yillarda 71 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning yoshi 54 yoshni tashkil etmoqda.

2020 yilda yana 5 nafar tadqiqotchilarning doktorlik dissertatsiya himoyasi rejalashtirildi. Besh nafar ilmiy xodim esa “katta ilmiy xodim” unvoniga da'vogarlik qilmoqda.

2016-2017 yillarda ilmiy sohada 3 nafar doktorant faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2018-2019 yilda jami 18 nafar yoshlar ilmiy tadqiqotlarga jalb etildi. Jumladan, 10 nafar yosh tadqiqotchilar doktoranturaga, 8 nafar ilmiy xodimlar esa mustaqil tadqiqotchilikka qabul qilindi.