Alisher Hamroyev, deputat:
– Biz o‘tgan yili birinchi marotaba davlat budjetini qonun shaklida qabul qildik. Bu esa muhim moliyaviy hujjatning maqomi va ahamiyatini oshirdi. Lekin mening fikrimcha, davlat budjetida hali ham shaffoflik, budjet intizomi hamda hisobdorlik yetarli emas. Jumladan, mahalliy hokimliklar xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan kelishmagan holda mahalliy budjetlarga o‘zgartishlar kiritganligi Hisob palatasi tomonidan aniqlangan.
Kelgusida bunday holatlarning oldini olishda mas'ul vazirlik va idoralar mas'uliyati va javobgarligini oshirish kerak. Parlament ham mazkur yo‘nalishda qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritishi lozim.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining xabar berishicha, quyi palatadagi muhokamalar chog‘ida deputatlar davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yil hamda 2020 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish chog‘ida o‘z elektoratlari tomonidan joylarda ko‘tarilayotgan qator savol va takliflarni o‘rtaga tashlashgan.
Botir Mardayev, deputat:
– Hisob palatasi tomonidan 2019 yilda budjet mablag‘larining birlamchi taqsimlovchilari sohaga ajratilgan budjet mablag‘laridan qanchalik maqsadli foydalangani o‘rganilganda bir qator davlat muassasalarida mablag‘lardan budjet intizomi buzilgan holda foydalanganlik faktlari aniqlangan.
Bugun yalpi yig‘ilishda moliya vaziri oldiga ana shunday muammolar haqidagi masalani qo‘ydik. Ularning yechimi bo‘yicha fikr almashdik. Har bir vazirlik tarkibida ichki moliyaviy nazorat tizimi, ya'ni ichki Audit tashkil qilingan, buning uchun yetarli shtatlar, mablag‘ ajratilgan. Kelgusida ana shu imkoniyatlardan keng foydalanish lozim.
Navro‘z Yusupov, deputat:
– Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalarda atroflicha ko‘rib chiqildi. Bu jarayonda hukumat vakillaridan qo‘shimcha ma'lumotlar ham oldik. Hisobotni tahlil qilish chog‘ida ayrim masalalar ham ko‘zga tashlandi. Jumladan, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan budjetga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mablag‘larning kechiktirib o‘tkazilgani ma'lum bo‘ldi.
Mazkur masala yuzasidan qo‘mita rahbariyati bilan o‘tkazilgan muhokamalar jarayonida bojxona organlari tomonidan undirilayotgan mablag‘larni avtomatik tarzda davlat budjetiga o‘tkazilishiga kelishib olindi va buni amalga oshirish uchun qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritish va maxsus elektron dastur ishlab chiqilishi lozimligi qayd etildi.














