Muxlislari «chempionni biz aniqlaymiz» deydigan «Trabzon»dek klub chindan Masharipovga qiziqish bildirganmi? «Paxtakor» nega uni qo‘yib yuborishni xohlamagan? Mana shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Jaloliddin Masharipov bilan suhbat uyushtirdik.

– Jaloliddin, oldingizga so‘nggi kunlarda tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida keldik. Ya'ni, sizga Turkiyaning «Trabzonspor» klubidan taklif tushgan...

– Bu qiziqishga karantin sabab bo‘ldi, desa ham bo‘ladi. Shota Arveladze karantin davrida Turkiyada bo‘ldi. U yerda jurnalistlarga intevyular berganda «Paxtakor» haqida gapiraturib meni ham tilga olgan.

– Intervyuda shunchaki aytib o‘tganmi yoki tavsiya qilganmi?

– Tavsiya qilgan. O‘zim bilan gaplashganda ham «Sen Turkiyada bemalol o‘ynay olasan» derdi. Keyin turklar o‘yinlarim videolavhalarini ko‘rishdi. Turk jurnallarida ham men haqimda yozishdi. Lekin narxga kelganda kelisha olishmadi.

– Transfer narxingiz qancha va uni kim belgilagan?

– Narxni kim belgilaganini aniq bilmayman. Transfer narxim 6 million yevro ekanini o‘zi ham turk gazetalaridan bildim.

– Bu juda qimmat-ku?

– Ha, men ham hayronman. Avvallari 2 million yevro deb aytishgandi. Balki turklar jiddiy qiziqish bildirgach, oshirib yuborishgandir.Transfer narximni o‘zim kutganimdan-da yuqori belgilashibdi. Qanday o‘ynashingizdan qat'i nazar O‘zbekistonda o‘ynayotgan o‘zbek futbolchilarini hech kim 6 millionga olmaydi. 3 millionga olsa ham xursand bo‘lish kerak. Shomurodovdek Rossiya klublarida o‘ynab, o‘zingizni ko‘rsatgan bo‘lsangiz unda boshqa gap.

– Real narxingiz qancha deb o‘ylaysiz?

– Men tufayli «Paxtakor» qancha ko‘p pul topsa, shuncha xursand bo‘laman. Lekin real narxim 2 million yevro bo‘lsa ham yetarli, menimcha.

– «Trabzonspor» bunga qanday munosabat bildirdi?

– Narximni eshitgach, qiziqishini pasaytirdi, deb eshitdim. 6 millionga Yevropadan ham yaxshi o‘yinchi sotib olishi mumkin. Jahon chempionatida yoki xorij klublarida o‘ynamagunimizcha hech kim bizga bunday pul to‘lamaydi.