1991 yil SSSRning o‘zi ham yo‘q bo‘lib ketguncha mamlakatda ta’lim tizimining barcha sohalarida «kapitalizmning chirigan botqoqqa botib borayotgani» haqida yosh avlodga ta’lim berildi. Bundan tashqari, mamlakatdagi rejimga xizmat qiluvchi ko‘plab soxta olimlar kapitalizmni yomonlab ilmiy ishlar yozishdi, dissertatsiyalar yoqlashdi, unvon olishdi.

SSSR parchalangach, sobiq possovet respublikalarining aksariyati G‘arbga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirdi va ular bilan munosabatlar o‘rnatdi. Bir qarashda Rossiyaning o‘zi ham. Ammo vaziyatga teranroq yondashilsa, Rossiyaning SSSR tarqab ketganidan keyin ham G‘arbga nisbatan munosabati keskin o‘zgarmagani ko‘zga tashlanadi. SSSR paytida G‘arb «chirigan kapitalizm» (kapitalizm chirimaganiga butun dunyo guvoh) deb talqin qilinsa, Rossiyada G‘arb mamlakatlariga ta’rif «bir jinsli nikohga ruxsat berilgan bu mamlakatda...», deb boshlanadigan bo‘ldi.

Rus siyosatchilari G‘arbga ommaviy tarzda turli ayblarni to‘nkar, ayblovlarning aksari G‘arb insoniyat paydo bo‘lganidan buyon qadrlanib kelayotgan insoniy fazilatlarni oyoq osti qilayotgani haqida bo‘lardi. Rossiyalik siyosatchilarning tashvishlarini tushunsa bo‘ladi: bir jinslilar nikohiga ruxsat berilishi haqiqatan haddan oshish va tabiat qonunlariga zid ish.

Masalaning yana bir tomoni shundaki, G‘arbdagi «noinsoniy an’analar ustiga qurilgan hayot tarzi»ni ayovsiz tanqid qiladigan rus siyosatchilari va yuqori lavozimli amaldorlarning aksari farzandlarini G‘arbga o‘qishga yubormoqda. Ha, odamlar oldidagi chiqishlarida G‘arbdagi buzuq hayot tarzini ayovsiz tanqid qilayotgan rossiyaliklar farzandlarini G‘arbdagi maktablarga, oliygohlarga joylashmoqda.

Shu o‘rinda Anatoliy Ribakovning «Arbat bolalari» romani esga tushadi. Romanda Stalin hukmronlik qilgan yillar Kremlda ishlovchi yuqori lavozimli amaldorlarning bolalari haqida ham yozilgan. Asar qahramoni yosh yigit Sasha Pankratovni nohaqdan «chet el josusi» sifatida ayblab qamoqqa olishadi. U yuqori lavozimli amaldorning jiyani bo‘ladi.

Tog‘asi jiyanini qutqarish uchun Stalin oldiga bemalol kirib chiqa oladigan amaldorlardan biriga iltimos qiladi. Stalin unga qarata yosh avlod kimga ergashyapti? Ular xorij kiyimlarini kiyar emish, xorij musiqasini yoqtirar emish. Yo‘q, bu jamiyatda tartib o‘rnatilishi va boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun o‘sha yigit jazolanishi kerak, qabilida gapiradi.

Bugun Rossiyadagi ahvolni o‘sha vaziyatga o‘xshatsa bo‘ladi. Ota-onalar zo‘r berib G‘arbni yomonlashadi, bolalari esa G‘arbga intilishadi, Yevropada va AQShda o‘qishni, yashashni xohlashadi. Rossiyalik siyosatchilar, yuqori lavozimli amaldorlar, boylar va shou-biznes vakillarining farzandlari bilan shunday bo‘lmoqda.