O‘tgan haftada O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi «Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorni qabul qildi. Ushbu qaror tasdiqlanishini O‘zbekiston tomonidan Jahon savdo tashkilotiga a'zolik yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida baholash mumkin.

Umuman, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a'zoligi borasida siyosatchilar, jurnalist va blogerlar hamda turli tahlilchilar tomonidan ko‘p gapirilmoqda. Xo‘sh, aslida bu qanday tashkilot, unga a'zo davlatlar qanday imkoniyat va majburiyatlarni oladi?

Kun.uz muxbiri Jahon savdo tashkiloti va O‘zbekistonning unga a'zoligi masalalari atrofidagi shu va boshqa savollar yuzasidan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu uyushtirdi.

Kamoliddin Rabbimov

– Kamoliddin aka, Jahon savdo tashkiloti o‘zi qanday tashkilot va  nimalarni ko‘zda tutadi? Unga a'zo davlatlar qanday majburiyatlarni bo‘yniga oladi va qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi?

– Bu tashkilot 1995 yilda tashkil qilingan. Uning markaziy strategik vazifasi butun dunyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishdir. Dunyo davlatlari katta hajmda o‘zaro savdo-sotiq qiladi. Tashkilotning asosiy vazifasi mana shu savdo-sotiq munosabatlarini tartibga solish va shu tartibni tashkilot doirasida doimiy nazorat qilib borishdir. Aslida JST nazorat tashkiloti emas, unda o‘rnatilgan tartiblarni tashkilot doirasidagi bir qancha sud tizimlari va o‘zaro kelishuvlar asosida hal qilib borishga harakat qiladi. JSTning vazifasi davlatlar o‘rtasidagi savdo munosabatlarini tartibga solish, ular o‘rtasida tenglik o‘rnatish, rivojlanayotgan, iqtisodiyoti nisbatan zaif bo‘lgan davlatlarga qo‘shimcha imkoniyatlar berish ekanligi aytiladi. Lekin aslida vaziyat anchagina murakkab.

Davlatlarning haq-huquqlari teng ekanligi aytiladi, biroq ularning imkoniyatlari teng emas. Insonlarniki singari davlatlarning haq-huquqlari teng ekanligi xalqaro qonunchilikda aytiladi, lekin bu imkoniyatlardan qanday foydalanish davlatlarning umumiy resurslariga borib taqaladi. Dunyoning eng katta iqtisodiyot egalari – AQSh, G‘arbiy Yevropa davlatlari, Xitoy, Yaponiyaga o‘xshagan davlatlar shu singari tashkilotlardan unumli foydalana oladi, uning faoliyati o‘z manfaatlariga to‘g‘ri kelmaganida bu tashkilotning u yoki bu loyihalaridan chiqib turadi yoki qo‘shilmaydi yoki tanqid qiladigan holatlari ham bor. Bu murakkablik tomoni. Umuman olganda, dunyoning aksariyat davlatlari JSTga a'zo, faqatgina 3-5ta davlat unga a'zolik uchun ariza bermagan. Bular – Shimoliy Koreya, Turkmaniston, Eritreya kabi davlatlar. Taxminan 10-15ga yaqin davlatlar kuzatuvchi maqomida, ya'ni tashkilotga a'zo bo‘lish jarayonida turibdi, jumladan, O‘zbekiston ham.