Pandemiyaning qachon nihoya topishi noma'lum bo‘lib qolayotgan sharoitda dunyo virus bilan yonma-yon yashashga moslashib bormoqda. Yirik megapolislar karantinda yuzaga kelgan vaziyatdan maqsadli foydalanish va unga moslashish uchun o‘zgarishlarga yuz tutmoqda.

Jamoat transportidagi tiqilinchni bartaraf etish harakatidagi Milan

Italiyaning Milan shahri – virusdan eng katta zarar ko‘rgan megapolislardan biri. Shaharni pandemiyaga moslashtirish uchun qator choralar ko‘rilmoqda. Xususan, shahar meri Beppe Sala virusning tezkor tarqalishiga sabab bo‘lgan omillardan biri – jamoat transportidagi tiqilinchni bartaraf qilishga kirishdi.

Buning uchun jamoat transportida yo‘lovchilar bir-biri bilan oraliq masofani saqlagan holda qanday turishi kerakligini ko‘rsatuvchi belgilar qo‘yib chiqilmoqda.

Milanda virusning keng tarqalishiga avtobus, metrolardagi tiqilinch sabab bo‘lgan, deb hisoblanmoqda.
Foto: ABACA / TASS

Shuningdek, shahar meri metrodagi kunlik tashuvlar hajmini inqirozgacha bo‘lgan 1,4 mln nafar yo‘lovchidan 400 mingga tushirishni maqsad qilgan. Qatnov tig‘iz bo‘ladigan soatlarda odamlar to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun stansiyalar yopilishi ham mumkin.

Sala milanliklarga egiluvchan kun tartibiga o‘tishni tavsiya qilmoqda. Ya'ni barcha bolalar bir xil vaqtda emas, balki 8dan 10gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida maktabga borishi mumkin. Boshqa muassasalarga kelib-ketish vaqtlari uchun ham shunday qoida amal qiladi. Ish va ta'lim soatlari shunga moslashtiriladi. Masofaviy ishlash imkoniyati bo‘lganlar esa uyda ishlashlari kerak. Barcha o‘zining odatiy kun tartibini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi.

Berlin veloyo‘laklarni kengaytirmoqchi

Karantin davrida Germaniya poytaxtida yo‘l qatnovi 40 foizga qisqardi. Berlin yo‘llar va parklar departamenti rahbari Fridrixsxayn-Kroytsberg Feliks Vaysbrix bu vaziyatdan samarali foydalanmoqchi. Aksariyat ishga, o‘qishga velosipedda qatnayotganini inobatga olgan holda yo‘llarda velosipedlar harakati uchun maxsus belgilar qo‘yish, mavjud veloyo‘laklarni kengaytirishga ko‘rsatma berdi.