Buyuk Britaniya Ichki ishlar vaziri Priti Patel chetdan kirib keladiganlar 14 kunlik majburiy karantinga olinishi majburiyligini e'lon qilgan bir paytda, Italiya yevropalik sayyohlar uchun ochilganini aytmoqda, deb yozadi The Guardian.

8 iyundan boshlab Buyuk Britaniyaga kirib keladigan har bir shaxs 14 kunlik karantinda bo‘lishi lozimligi ma'lum qilingan. Faqat yuk tashuvchilar kabi chegarani tez-tez kesib o‘tuvchi kasb egalari bundan mustasno.

Yevropa Ittifoqi mintaqani 15 iyundan turizmga qayta ochish uchun a'zo davlatlarni hamkorlikka chaqirmoqda. Biroq a'zolar qit'ada koronavirus tufayli qayd etilayotgan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha Buyuk Britaniyadan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi Italiyadan keladigan sayyohlarni qabul qilishni unchalik xushlamayotganga o‘xshaydi.

Avstriya Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenber mamlakat chegaralari Italiyadan tashqari qolgan barcha chegaradoshlar uchun ochilishini ma'lum qildi.

«Biz koronavirusga aloqador barcha chegara va tibbiy tekshiruvlarni bekor qilmoqchimiz. Bu Germaniya, Lixtenshteyn, Slovakiya, Chexiya va Vengriya uchun amal qiladi. Afsuski, Italiyani hali bu ro‘yxatga kirita olmaymiz», – dedi Aleksandr Shallenberg bir necha kun oldin.

Germaniya rasmiylari ham shunga o‘xshash fikrda. O‘tgan hafta e'lon qilingan bayonotga ko‘ra, Germaniyada YeIning 27 a'zo davlati, jumladan, Islandiya, Norvegiya, Lixtenshteyn, Shveytsariya va Britaniya uchun 15 iyundan boshlab umumiy turizm to‘siqlari olib tashlanadi. Faqat buning uchun Germaniya to‘siqlarni olib tashlayotgan davlatlar ham o‘z hududlarida kirish taqiqlari va keng qamrovli cheklovlarini bekor qilgan bo‘lishi kerak.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xeyko Maasning ma'lum qilishicha, taqiqlar alohida davlatlarga sayohat qilish mumkin yoki mumkin emasligi haqidagi tavsiyalar bilan almashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Agar Buyuk Britaniyada 14 kunlik majburiy karantin qoidasi davom etaveradigan bo‘lsa, rasmiy Berlin ham bu davlatga o‘ta zarur bo‘lmasa, tashrif buyurmaslik haqida ogohlantirishlar berib borishini ma'lum qildi.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri esa hali Buyuk Britaniya bilan karantin cheklovlarini olib tashlash bo‘yicha muzokaralar olib borilmagani va hozircha qat'iy kelishuv tamoyili amal qilishini aytdi.