Foto: Getty Images

Britaniyalik tadqiqotchilar tomonidan olingan ma'lumotlar kasallikning dastlabki alomatlari 30 yoki undan ortiq kun ichida paydo bo‘lishi, yo‘q bo‘lib ketishi va qayta kuzatilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda, bu JSST mutaxassislari tomonidan belgilangan rasmiy ikki haftalik davrdan sezilarli darajada ko‘p.

Kimdir uchun kasallik virusga qarshi uzoq va ayanchli davom etadigan kurashning boshlanishi bo‘lishi mumkin va u yangi «postkoronavirus sindromi»ga aylanib ketishi ehtimoli bor.

Nufuzli Science jurnalida qayd etilishicha, koronavirusning bu turi «insoniyatga tanish biror kasallik qilmagan ishlarni qiladi». 

Rasmiylar infeksiya tarqalishini to‘xtatish uchun chora ketidan chora ko‘rishi, shifokorlar kasallikni yengadigan dori yoki vaksinani qidirishi (behuda) davomida, biz koronavirus haqida yangidan yangi ma'lumotlarga ega bo‘ldik va u haqidagi tasavvurlar o‘zgarib ketdi.

Avvaliga bu SARS yoki parranda grippi kabi odatiy respirator kasallik bo‘lib ko‘ringandi, ammo keyinchalik oydinlashicha, koronavirus (uning rasmiy nomi SARS-CoV-2) o‘pka, miya, burun-halqum, ko‘zlar, yurak, qon tomirlari, jigar, buyraklar va ichaklarga, ya'ni tom ma'noda barcha hayotiy organlarga ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi ma'lum bo‘ldi. 

Hozirgacha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Covid-19 turli alomatlarga ega va kasallikning og‘ir turiga chalinganlar uchun uzoq muddatli oqibatlar jiddiy tus olishi mumkin: o‘pka to‘qimalari bitib qolishi va buyrak ishdan chiqishidan tortib yurak mushaklari yallig‘lanishi, aritmiya, jigar shikastlanishi, kognitiv buzilish, kayfiyat keskin o‘zgarishi bilan kechadigan psixoz va boshqalar. 

Kasallikning odamlarga ta'sirini hali uzoq aniqlashtirish kerak, ammo hozirda ushbu kasallikning oqibatlarini hatto uning yengil turiga chalinganlar ham boshdan kechirishda davom etmoqda.

Yana bir muhim savol tug‘iladi: SARS-CoV-2 virusi inson tanasida harakatsiz holatda saqlanishi va bir necha yil davomida o‘zini u yoki bu ko‘rinishda namoyon qilmasligi mumkinmi?

Buning hayron qolarli joyi yo‘q, deydi shifokorlar, chunki shunday tabiatli viruslar fanga ma'lum. Masalan, odam suvchechak bilan kasallanganidan keyin, uni keltirib chiqargan gerpes virusi hech qayerga yo‘qolib ketmaydi, u o‘nlab yillar davomida jimgina yashirinishi mumkin va qulay vaqtda og‘riqli temiratkiga olib keladi.