Farrux Nuridinov – 2003 yilda Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan, keyinchalik Manchester universiteti va Nyu-York universitetida magistraturada tahsil olgan.

Tajribali huquqshunos ayni paytda AQSh federal sudlarida qatnashuvchi yagona o‘zbekistonlik advokat sanaladi. Nuridinov Amerikaning eng yaxshi advokatlari assotsiatsiyasi (AOATL)ning Nyu-York shtati bo‘yicha yuz nafar eng yaxshi advokatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Hamyurtimiz YouTube`da jonli translatsiya qilingan suhbat davomida vloger va foydalanuvchilarning Amerikadagi hayot, u yerdagi o‘zbekistonliklar o‘rtasidagi ajrimlar va boshqa mavzulardagi ko‘plab savollariga javob qaytardi.

Kun.uz «Xorijdagi o‘zbeklar» ruknida ushbu intervyuning asosiy qismini matn holida taqdim etadi.

«Amerikada sudyalarga juda katta vakolatlar berilgan. Ular nafaqat qonunga bo‘ysunadi, balki qonunlarni hukumat, prokuraturadan mustaqil ravishda talqin ham qiladi. AQSh sudyalarining eng katta yutug‘i ham shu, deb o‘ylayman.

Qolaversa, sudyalarning kvalifikatsiyasi nihoyatda yuqori. Federal sudlar 3ta pog‘ona: boshlang‘ich, apellyatsion va oliy suddan iborat. Federal sudlarda korrupsiya yo‘q, deb ayta olaman», – deydi Farrux Nuridinov.

– AQShda qonun ustuvorligi tan olinadi. Qonunlarning kuchliligi, qonunga bo‘ysunish darajasi balandligi nimaga bog‘liq?

Farrux Nuridinov

– O‘z kuzatuvlarimga ko‘ra, anglo-sakson tizimiga asoslangan huquqiy tizimlar qat'iy intizomga asoslangandir. «Mumkin emas» deyilgan narsa mumkin emas.

Fuqarolar o‘zlariga ma'qul deputat, kongressmenni saylashadi. Ular esa qonunlar chiqarishadi. Agar keyin odamlar shu qonunlarga bo‘ysunmasa, uni javobgarlikka tortish mexanizmi kuchli rivojlangan. Butun jamiyatda shu narsaga kelishilgan: biz kongessmen va senatorni saylaymiz, ular qonunlar chiqarishadi va biz shu qonunlarga bo‘ysunamiz, degan fikr bilan harakat qilishadi. Umuman, qonunlarni hurmat qilish nihoyatda yuqori darajada.