Jahon | 12:51 / 18.06.2020
4761
2 daqiqa o‘qiladi

Saudi Aramco 69,1 milliard dollarga neft-kimyo kompaniyasidagi ulushni sotib oldi

Saudiya Arabistonining milliy neft kompaniyasi Saudi Aramco Saudiya Arabistoni milliy farovonlik jamg‘armasi Public Investment Fund’dan (PIF) Sabic neft-kimyo kompaniyasidagi ulushni 69,1 mlrd dollarga sotib oldi. 

Foto: Reuters

Saudi Aramco kompaniyasi Sabic’ning 70 foiz ulushini sotib olganini 17 iyunda ma'lum qildi.

Kompaniyada ta'kidlanishicha, u ushbu xarid bo‘yicha bitim yakunlangandan keyin jahon neft-kimyo sohasidagi eng yirik o‘yinchilardan biriga aylanadi.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, PIF Aramco’ga Sabic’dagi ulushni sotib olish uchun kredit taqdim qiladi. Kredit bo‘yicha to‘lovlar 2020 yil avgustidan 2028 yil apreligacha qismlab amalga oshiriladi.
 
Xabarda ma'lum qilinishicha, 2019 yilda Aramco va Sabic umumiy hisobda 90 mln tonna neft-kimyo mahsuloti, jumladan qishloq xo‘jaligi va maxsus mahsulotlar ishlab chiqargan.  

Saudi Aramco Sabic’dagi ulushni sotib olishini 2019 yil martida e'lon qilgan.

Avvalroq ma'lum qilinganidek, Saudi Aramco 2019 yil dekabrda birjaga chiqib, dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylangandi. Aramco aksiyalarini birlamchi joylashtirish doirasida birjaga 25,6 mlrd dollarlik aksiya chiqargan va bu borada tarixiy rekord qayd qilgan. 

Mavzuga oid