- Hozirgi paytda barchaning nazdida Jaloliddin Masharipov «Paxtakor»ning asosiy yulduzi sanaladi. Aytingchi, mish-mishlar qayerdan kelib chiqdi?

- Qayerdan kelib chiqqanligini bilmayman.

- Keling, unda bu qanday bo‘lganligini aytib beraman: men Masharipov bilan uchrashganimda u bu haqda aytdi. Keyin esa klub sport direktori Ja'far Irismetovga qo‘ng‘iroq qilib bu haqda so‘ragandim.

- Siz Jaloldan bu xabarning qayerdan olganligidan boshqa hamma narsani so‘ragansiz. Hattoki Ja'far ham bu xabarning manbasi emas. Men bu haqda eshitsam, eng avvalo «buni kim aytdi?» deb so‘ragan bo‘lardim. Men o‘zim faoliyat olib borayotgan Osiyo qit'asida Jaloliddinni ayni damdagi top-3 futbolchidan biri deb bilaman. Yevropa klublari vakili bilan gaplashganimda ham ularga Osiyo bozoriga yaxshiroq e'tibor qaratishlari kerakligini doim aytib kelaman. Tushunaman, Yaponiya va koreyalik futbolchilar jahon chempionatlari orqali e'tiborga tushishadi. Ammo Qatar milliy jamoasi Osiyo chempioniga aylangan, Amerika kubogida legionerlar bilan qatnashgan bo‘lsa-da, qatarlik futbolchilarning qaysidir klubga transfer qilinganligini eshitmadik, to‘g‘rimi? Odatda, mendan Jalol yoki o‘zbek futbolchilari haqida so‘rashsa, O‘zbekistonda iqtidorlar juda ko‘pligi, ulardan biri Eldor Shomurodov Rossiyada to‘purar ekanligini, Jalol ham boshqa ligalarda bemalol o‘ynab keta olishini aytaman.

Masharipovning «Trabzonspor»ga o‘tishi haqidagi gaplar ham mening Turkiyada yaxshi obro‘-e'tiborga ega ekanligim va Jaloliddin haqida ko‘pchilikka gapirib berganim ortidan paydo bo‘ldi. Axir, Turkiyadan turib hech kim o‘z-o‘zidan qo‘ng‘iroq qilib, «Sizlarda Masharipov bor ekan, u qanday o‘yinchi?» demaydi-ku. O‘sha yerda ham kimdir bu haqda gazetalarda o‘qigan, kimdir esa boshqalardan eshitgan. Aslida esa Yevropadan Masharipovga hali hech qanday rasmiy taklif bo‘lgani yo‘q. Men futbolchimiz haqida turli davralarda turli maqtovlarni bildirishim mumkin, Yevropadagi murabbiylarga u haqda ma'lumot berishim mumkin, bo‘ldi. Shu yerda mening rolim tugaydi. Klub meniki emas, men rahbar yoki klub prezidenti emasman. Men faqat o‘z fikrimni aytishim mumkin, xolos. Hozirgacha bu borada faqat bitta taklif tushgan. «Trabzonspor» haqidagi gap-so‘zlar ham turklarning O‘zbekiston chempionatini kuzata boshlaganidan, shu jumladan mening natijalarim bilan qiziqa boshlaganidan keyin paydo bo‘lgan. Kimdir murabbiy qidirsa, kimdir futbolchi qidirib kuzatishi mumkin.