Tashkilot rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus Oksford universiteti olimlarining ushbu doridan foydalanish ustunliklari haqidagi tadqiqoti e'lon qilinishi ortidan preparatga bo‘lgan talab keskin oshganini ta'kidladi.

Deksametazon og‘ir ahvoldagi bemorlar orasidagi o‘limni kamaytirgan / EPA

Klinik sinov davrida statsionarlardagi 2 mingga yaqin bemor deksametazon vositasida davolangan. Ma'lum bo‘lishicha, sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangan bemorlarda deksametazon qo‘llanishi orqali o‘lim ko‘rsatkichi 40 foizdan 28 foizga tushgan, esktrokorporal membrana oksigenatsiya apparatiga (qonga kislorod yetkazib beradi) ulab qo‘yilgan bemorlarda esa 25 foizdan 20 foizga pasayish kuzatilgan.

«Biz uchun navbatdagi sinov ishlab chiqarish hajmini oshirish va deksametazonni dunyo bo‘ylab tez va adolatli taqsimlashdir, preparat birinchi navbatda o‘ta zarur hududlarga yetkazilishi kerak», degan JSST rahbari.

Deksametazon yallig‘lanishga qarshi ta'sir xususiyatiga ega. JSST ushbu preparatni faqat og‘ir ahvoldagi va tibbiyotchilar nazorati ostidagi bemorlarga qo‘llashni tavsiya etmoqda.

  • Deksametazon bu — o‘tgan asrning 60-yillaridan beri yallig‘lanishga qarshi vosita sifatida foydalanib kelinadigan steroid. U onkologiyada ham qo‘llaniladi. Tashkilotning qayd etishicha, ushbu dori vositasining ijobiy ta'siri faqat kasallikning og‘ir bosqichida bo‘lgan bemorlarda kuzatilgan.

Lotin Amerikasidagi o‘lim darajasi
Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarida Covid-19 qurboni bo‘lganlar soni 100 mingdan oshdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

O‘limlarning yarmi Braziliya hissasiga to‘g‘ri keladi, bu mamlakat koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha faqat AQShdan ortda qolmoqda.

Meksikada 23 mingdan ortiq kishi kasallikdan vafot etgan. Qo‘shni davlatlardan farqli o‘laroq, Braziliya va Meksika davlatlari qat'iy karantin choralari qo‘llamaslikka qaror qilgandi. Shuningdek, Peru va Chili ham ko‘p qurbon berdi - mos ravishda 8,4 ming va 4,5 ming o‘lim.